Adliya bo‘limi aralashgach, korxona bilan xodim o‘rtasida mehnat shartnomasi tuzildi
Jomboy tuman adliya bo‘limi tomonidan Jomboy tumani, Qo‘lbosti mahallasi, Tegirmonboshi qishlog‘ida yashovchi fuqaro E.Xudoyberdiyevning “Suvoqova” DUK Jomboy tuman filiali xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
O‘rganishda 2018 yil noyabr oyidan fuqaro E.Xudoyberdiyev “Suvoqova” DUK Jomboy tuman filialida otasi A.Raxmatovning o‘rnida ishlab yurganligi, biroq ishga qabul qilish rasmiylashtirilmaganligi aniqlandi.
Tashkilotda xodimlarning ishga chiqishini qayd etish jadvalida E.Xudoyberdiyev 2018 yil noyabr oyidan 2019 yil may oyiga qadar ishlab kelgan hamda unga har oyda oylik ish haqi hisoblangani o‘z tasdig‘ini topdi.
E.Xudoyberdiyev “Suvoqova” DUK Jomboy tuman filialidagi mehnat faoliyatini rasmiylashtirish uchun tegishli hujjatlarni mas’ul shaxslarga taqdim etgan bo‘lsa-da, biroq u bilan mehnat shartnomasi tuzilmagan va ishga qabul qilish bo‘yicha ish beruvchining buyrug‘i chiqarilmagan.
Joriy yilning 17 iyul kungi fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan da’vo ariza qanoatlantirilib, fuqaro E.Xudoyberdiyev hamda “Suvoqova” DUK Jomboy tuman filiali o‘rtasida haqiqatda ishni boshlagan kundan e’tiboran mehnat shartnomasi tuzilgan deb hisoblandi.
Amir Norov, Jomboy tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.