Adliya - kecha va bugun: Sobiq ittifoq davridagi tizim bilan bugungi adliya idoralari o‘rtasida qanday farq bor?

Keyingi 30 yilda inson qadr-qimmati, sha’ni, huquq hamda erkinliklari daxlsizligini kafolatlashga qaratilgan qonunchiligimiz umuminsoniy tamoyillar va milliy qadriyatlar asosida rivojlandi. Bunga mos tarzda adliya organlari hamda muassasalari faoliyatida ham muhim o‘zgarish va yangilanishlar ro‘y berdi. Aslida mustaqil mamlakatimiz adliya organlarini barpo etishning tamal toshi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 8 yanvardagi Farmoni bilan qo‘yilgandi.

Sobiq ittifoq davridagi tizim bilan bugungi adliya idoralari o‘rtasida qanday farq bor?

Birinchidan, milliy adliya vazirligi ittifoq davridagidan farqli o‘laroq, sudlar faoliyatiga aralashmaydi. Vaholanki, o‘tgan asrning 80-90 yillarida sud idoralarini tashkil etish, idora xodimlarini tanlash, joy-joyiga qo‘yish va tarbiyalash, sudlarning ishlarni tashkil qilishini tekshirib borish adliya vazirligi vakolatida bo‘lgan.

Mustaqillik yillarida adliya tizimida aholi va yuridik shaxslar bilan yaqindan muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Muloqotning yangi, zamonaviy va ta’sirchan shakllari amaliyotga joriy etilib, innovatsion loyihalar asosida targ‘ibot va xizmat ko‘rsatishning o‘ziga xos ko‘rinishlari yaratilyapti.

Masalan, adliya idoralari tomonidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, turli mulkchilik shaklidagi korxona va tashkilotlar faoliyatida qonun ustuvorligi hamda qonuniylikni ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Albatta, bu borada aybdorni topish va jazolashga emas, aksincha xato va kamchiliklar bo‘lmasligiga alohida e’tibor qaratilyapti. Ayni shu tamoyil asosida davlat organlari tomonidan qabul qilinadigan barcha yuridik hujjatlarni ishlab chiqish, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va qabul qilishni to‘liq elektron shaklga o‘tkazuvchi “E-huquqshunos” elektron tizimi ishga tushirildi.

Vazirlik tizimining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlash, ularda ko‘tarilgan muammolarga o‘z vaqtida yechim topish hisoblanadi. Bunda tabiiyki, avvalo fuqarolarda huquqiy ong va savodxonlik darajasining yuksak bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Bu borada vazirlik huzurida “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tashkil qilingani qayd qilingan yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, «Advice.uz» (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portalining yaratilishi aholiga turli huquqiy masalalar bo‘yicha bepul onlayn huquqiy maslahat olishga imkon yaratdi. Buyuk Britaniya tajribasi asosida yaratilgan huquqiy portal orqali turli hayotiy holatlar bo‘yicha bepul maslahat va tushuntirish beriladi.

Fuqarolarga huquqiy masalalar bo‘yicha birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatuvchi «Madad» nodavlat notijorat muassasasi va uning joylardagi hududiy byurolarining tashkil etilishi aholining huquqiy maslahatlar olishida yana bir qulaylik bo‘ldi. Shu bilan birga, fuqarolarga sayyor huquqiy maslahat berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, yosh bolalar uchun “Bolahuquqlari.uz” elektron sayti yaratilgan, notarial harakatlarni amalga oshirishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ham foydalanuvchilar uchun katta qulaylik bo‘ldi.

Eng muhim o‘zgarishlardan biri, «Yagona darcha» o‘rnida Davlat xizmatlari markazlarining tashkil etilishi va Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi bo‘ldi, deyish mumkin. Mazkur soha faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilishi natijasida davlat xizmatlari soni yil sayin ortib bormoqda. Buning natijasi o‘laroq, mamlakatimiz jahonning «Doing Business 2018» global reytingidagi «Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish» ko‘rsatkichi bo‘yicha mavqeini mustahkamlab bormoqda. 2020 yilda bu ko‘rsatgich bo‘yicha davlatimiz 8-o‘rinni egalladi.

Bugun adliya idoralari malakali va sifatli yuridik xizmat olishda fuqaro va tashkilotlarning manfaatlarini ta’minlash, tadbirkorlik sub’yektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholi huquqiy madaniyatini oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Orif Muhammadiyev,

viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.