Adliya organlariga qanday qo‘shimcha huquqlar berilmoqda?
Viloyat Matbuot uyida viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Prezidentimizning “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu va boshqa savollarga javob berildi.
Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Sattorovning ta’kidlashicha, farmon bilan Adliya vazirligining qo‘shimcha 4 ta yangi faoliyat yo‘nalishi belgilab berilgan. Jumladan, endi ular aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish, fuqarolarga huquqiy masalalar bo‘yicha birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish, davlat organlari va mahallalarda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda metodik yordam ko‘rsatish bilan ham shug‘ullanadi.
Ayni jarayonni samarali tashkil etish uchun har oy mahallalarda “Adliya kuni” tadbiri, olis hududlarda oyiga kamida ikki marta sayyor davlat xizmatlari, uyma-uy yurish orqali “Huquqiy ko‘mak” aksiyalari o‘tkaziladi. Joylarda 2019 yilda tashkil etilgan aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatuvchi “Madad” nodavlat notijorat tashkilotining 135 ta byurosi tashkil etiladi. Ayni kunda viloyatimizda tashkilotning 12 ta idorasi faoliyat yuritmoqda.
Yangi joriy qilinayotgan “Mahalla huquqshunosi” loyihasi mahalla raislarining huquqiy bilim va ko‘nikmalari oshirish orqali joylarda qonun ustuvorligini ta’minlash va uning ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni nazarda tutadi. Shu maqsadda mahallalarda haftaning har chorshanba kuni “Huquqiy targ‘ibot kuni” sifatida belgilanmoqda.
— Farmon bilan Adliya vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning 4 ta malaka oshirish markazlari birlashtirilib, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tashkil etilmoqda, - deydi viloyat yuridik texnikumi direktori Oybek Shirinov. – Shuningdek, bizning texnikum ham litseyga aylantirilyapti. Endi unda umumta’lim maktabining 9-sinfni bitirib kelgan yoshlarni o‘qishga qabul qilib, oliy ta’limga tayyorlaymiz. Mazkur litsey bitiruvchilariga oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishda imtiyoz berish masalasi ko‘rib chiqilyapti.
Hujjat bilan adliya organlariga bir qator qo‘shimcha huquqlar ham berildi. Endi ular intellektual mulk sohasidagi qonun buzilishi holatlari yuzasidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshirishlarni vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshirishi, kontrafakt mahsulotlarni yashirin ishlab chiqarish holatlarini aniqlashi bo‘yicha maxsus vakolatli organlar bilan hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish va aniqlangan kontrafakt mahsulotlarni olib qo‘yish va yo‘q qilishi mumkin.