Adliya vazirligi: Davlat ramzlari tovar belgisi emas!
Instagram ijtimoiy tarmog‘ida namoyish qilingan uy-ro‘zg‘or buyumlarida davlat gerbi va bayrog‘i tasvirlaridan foydalangan. Adliya vazirligi bunday holatni O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlik hisoblanishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonunning 5-1-moddasi hamda "Davlat bayrog‘i to‘g‘risida"gi Qonunning 5-2-moddasiga muvofiq, davlat ramzlari tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.
"Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida"gi Qonunning 10-moddasida davlat gerblari, bayroqlari va davlat mukofotlarining tasviri tushirilgan belgilar; davlatlarning rasmiy nomlari TOVAR BELGILARI SIFATIDA RO‘YXATDAN O‘TKAZILMASLIGI belgilangan.
Jinoyat kodeksining 215-moddasida O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi, deb belgilangan.