Adolat bor: Fan olimpiadasi yakunida uni ko‘rdim

Qirq yildan buyon ta’lim sohasida ishlayman. Maktabda o‘qituvchilik qildim, direktor o‘rinbosari, direktor bo‘ldim. Shu bois ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarni baholashga ma’naviy haqqim bor, deb hisoblayman.

Bu gal keyingi 10-15 yil ichida goh ishonib-goh ishonmay, lekin intiqlik bilan kutgan holatim ro‘y berdi. O‘quvchilarning fan olimpiadalari adolatli o‘tdi! Buni ko‘rdik, sezdik ham.

Maktabimizdan ilgari fan olimpiadasining shahar, viloyat bosqichida g‘olib, sovrindor bo‘lganlar bor. Lekin buning uchun kimlarga «iltimos» qilganimizni o‘zim bilaman. Yillar davomida u tadbirni uslubchilar boshqarib kelishdi, ularning aytgani-aytgan, degani-degan edi.

Endi esa hammasi oshkora ko‘rinib turdi. Nazoratchilar ham halol, fidoyi muallimlardan tanlab olindi. Ilgari «chaqqon»lar yaqin yo‘latilmasdi. Ota-onalar, o‘qituvchilar tashqariga o‘rnatilgan ekranda sinov jarayonini videotasvirda ko‘rib turishdi. Yozma ishlar familiyalar sir tutilgan holda tekshirildi.

Maktabimizdan shahar bosqichida 20 nafar o‘quvchi ishtirok etdi, ularning 9 nafari sovrindor bo‘lishdi. 9-sinf o‘quvchisi Sevinch Husanova, 10-sinf o‘quvchisi Sevinch Bo‘ltakova (muallimi Feruza Rahmonova) kimyodan birinchi o‘rinni olishdi.

Tarix (muallimi Rustam Quvondiqov), o‘zbek tili (muallimi Svetlana Ne’matova), ingliz tili (muallimi Albina Xayriddinova) bo‘yicha ikkinchi o‘rinlar qo‘lga kiritildi.

Hozir o‘qituvchilar o‘z shogirdlarini qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tish orqali viloyat bosqichiga tayyorlashyapti.

Xolmo‘min O‘TAGANOV,

Samarqand shahridagi 29-maktab direktori o‘rinbosari.