“Adolat” partiyasining raddiyasiga “Milliy tiklanish” partiyasi xodimi javob qaytardi

“Adolat” partiyasi Alisher Qodirovni ko‘chirmakashlikda ayblab, saylovoldi dasturida “Adolat” SDPning 2019 yilda tasdiqlangan saylovoldi dasturidan ko‘chirganini ma’lum qilgani haqida xabar berilgan edi.

“Adolat” partiyasi matbuot xizmatining ushbu raddiyasiga “Milliy tiklanish” partiyasi markaziy kengashi xodimi munosabat bildirdi.

Zaif bir siyosiy birlik “Adolat” deb nomlansa, u jamiyatda adolatni ta’minlovchi yagona kuchga aylanib qolmaydi.

“Milliy tiklanish” partiyasining Prezidentlikka nomzodi Alisher Qodirovning dasturida ko‘chirilgan g‘oyalar haqidagi e’tirozga javoban quyidagilar ma’lum qilinadi:

Birinchidan, Alisher Qodirovning dasturida sudlarni birlashtirish haqida umuman gapirilmagan. “Adolatning ko‘zi ko‘r bo‘ladi” deganda “Adolat” partiyasi nazarda tutilganmikan? Dasturda Xalq qabulxonalarini Ma’muriy sudlar tizimiga qo‘shib yuborish yoki ularning negizida bepul yuridik maslahatxonalar tashkil qilish taklif qilingan.

Ikkinchidan, Tergov qo‘mitasini tuzish va Jazoni ijro etish muassasalarini Adliya vazirligiga o‘tkazish g‘oyalari “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturiga kiritilgan.

Kim g‘oya o‘g‘risi, bir o‘rganib ko‘rish kerak?! Avvalgi tizimda, ya’ni dasturlarni “kimlardir” yozib beradigan davrlarda “…bu g‘oya adolatchilarga ko‘proq to‘g‘ri kelarkan, sud-huquq ularning mavzusi” deb, “Adolat” SDPning kamsuqum, qarmoqqa ilinadigan narsasi yo‘q dasturini jonlantirish uchun ko‘chirib qo‘yilgan bo‘lib chiqmasa edi... Jur’atlariga shubham bor, guvohlar salomat.

Bu g‘oyalar uchun “Milliy tiklanish” raisi qamoqxonalarga kirib, vazirliklar bilan “janjallashib” yurgan kezlarda adolatning yagona himoyachisi bo‘lishga da’vogarlik qilayotgan partiyaning raisi salomatmidi? Yoki begona g‘oya baribir begonaligini qilganmikan?

Qamoqxonalarda kitob va gazeta nashriyotlarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Skandinaviya mamlakatlarining tajribasi, ozodlikdan mahrum qilinganlarning ayrim toifalarida eksperiment tariqasida o‘qigan kitobining hajmi va uqqanlik darajasidan kelib chiqib, jazo muddatini qisqartirish bo‘yicha Janubiy Amerika davlatlarining tajribasi bo‘yicha bo‘layotgan muhokamalar “Milliy tiklanish”ga oid, adolat nuqtai nazaridan “Adolat”ga berib turishimiz yoki hamkorlik qilishimiz mumkin, albatta.

Adolatchilarning siyosiy saviyasi alohida mavzu...

Prezidentlikka da’vogar mamlakatdagi dolzarb muammolarni boshqa partiyaning masalasi, deb yondashadimi? Partiyaning qarashlariga zid bo‘lmagan barcha mavzularda o‘z yechimlarini taklif qilishdek tabiiy nima bor? Dastur va tashabbuslarga “Adolat”chasiga yondashilsa, Prezidentlikka nomzodini so‘nggi bo‘lib tasdiqlaydigan partiya nomzodining dasturida ko‘chirilmagan nima bo‘ladi?

Adolat sinmaydi, lekin o‘ylamasdan gapiraversa, “Adolat” sinadi, deyilgan munosabatda.