“Adolat”chilar 20 nafar “qo‘li kaltalarga qarmoq” tarqatdi

Xalq deputatlari Past Darg‘om tumani kengashiga O‘zbekiston “Adolat” SDPdan saylangan Quyosh Haqberdiyev o‘zaro yordam, olijanoblik, saxovatpeshalik kabi ezgu tuyg‘ularni yoshlar ongiga singdirishga xizmat qilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.
- Tushunishimcha, xalq noibi faqat ayni bir muammoni tegishli boshqaruv organlari yoki kengashga olib chiqishi shart emas, - deydi Q.Haqberdiyev. – Shu bois sharoit va mavjud holatdan kelib chiqib, odamlarga ko‘mak berishga, ularning og‘irini yengil qilishga harakat qilyapmiz.
Darhaqiqat, shu kunlarda ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish pallasi. Bu jarayonda imkoniyati kam, qo‘li kalta insonlar bunday ishlarni amalga oshirolmasligi mumkin.
Shu bois Q.Haqberdiyev tashabbusi bilan saylov okrugi hududidagi yolg‘iz qariyalar, nogironlar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.
Jumladan, Qo‘qoni, Jag‘alboyli, Qorovultepa mahallalarida yashovchi 20 dan ortiq xonadonga 10 tupdan mevali daraxt ko‘chatlari yetkazib berildi.
Keksalar, yordamga muhtoj bo‘lgan oilalar yashovchi xonadonlarning tomorqa yer maydonlari “Adolat posbonlari” jamoasi a’zolarining mehnati orqali ekin ekish uchun tayyorlandi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP Samarqand viloyati kengashi matbuot xizmati.