Adolatli kelajakni tanlaymiz!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod – Robaxon Mahmudovaning viloyatdagi ishonchli vakili Muzaffara Abdiyevaning saylovchilar bilan uchrashuvi Samarqand shahar “Ishga marhamat” monomarkazida tashkil etildi.
Keng jamoatchilik vakillari, partiya faollari, deputatlar hamda OAV vakillari ishtirok etgan muloqot avvalida ishonchli vakil nomzodning tarjimai holi bilan ishtirokchilarni tanishtirdi. So‘ngra Saylovoldi dasturidan joy olgan xalqchil va ustuvor g‘oyalarning maqsad va vazifalari, mazmun va mohiyati to‘g‘risida hayotiy misollar bilan tushuntirishlar berdi.
Ishonchli vakil qayd etganidek, qonun asosida yashash har birimizning hayot tarzimizga aylanishi zarur. Buning uchun, eng avvalo, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi ta’minlanishi shart. Konstitutsion bilimlarimiz mustahkam bo‘lsa, jamiyatda sodir bo‘ladigan ko‘pgina muammolarning oldi olinadi.
Qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan nomzodning maqsadlari uchrashuv ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
- Nomzodning Saylovoldi dasturida O‘zbekistonda adolatli jamiyat va adolatparvar davlat barpo etish jarayonlari, bunyodkor xalqimiz hamjihatligini mustahkamlash asosiy maqsad qilib belgilangan, - deydi uchrashuvni olib borgan partiya viloyat Kengashi raisi Muhiba Bobobekova. – Shuningdek, yoshlarni yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda tashabbuskorlik, fidoyilik, axloqiy fazilatlarni shakllantirish, xalqimiz, yoshlarimizning ruhiy dunyosini izdan chiqarishga qaratilgan turli buzg‘unchi kuchlar, ma’naviy tahdidlar, axborot xurujlarining oldini olishning qonuniy asoslarini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bois, partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab ovoz berishlaringizni so‘raymiz.
Fikr va mulohazalarga boy bo‘lgan uchrashuv so‘ngida saylovchilar savollariga ishonchli vakil tomonidan batafsil javoblar berildi.