“Afrosiyob” muzeyining yangi ekspozitsiyasi ochildi

Samarqand shahridagi “Afrosiyob” muzeyi O‘zbekiston Madaniy meros agentligi va Koreya Respublikasi Madaniy meros administratsiyasi hamkorligida restavratsiya qilindi. Shu munosabat bilan muzey yangi ekspozitsiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Madaniy meros agentligining birinchi o‘rinbosari, professor Tursunali Qo‘ziyev, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi bosh konsuli Kuk Jang Hyun, Koreya Respublikasi Madaniy meros administratsiyasi madaniy merosdan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Chae Su He, viloyat hokimligi mas’ullari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Koreya Respublikasi Madaniy meros administratsiyasi va O‘zbekiston Madaniy meros agentligi o‘rtasida “Ipak yo‘li madaniy merosini tadqiq etish va saqlash”ga doir memorandum imzolangani, loyiha Ipak yo‘li madaniy merosining saqlanishi va tadqiq etilishi bo‘yicha ma’lumot hamda ko‘nikma almashinuvi, shuningdek, arxeologik tadqiqotlar orqali turizmni rivojlantirishga yo‘naltirilgani ta’kidlandi.

- “Afrosiyob” devoriy suratlari bundan 1400 yil avval diplomatik missiya bilan Koreya yarim orolidan Samarqandga kelgan elchilarni eslash maqsadida chizilgan, - deydi Kuk Jang Hyun. – Ikki davlat rahbarlarining 2019 yildagi kelishuviga asosan 2020 yildan buyon ikki marta Koreya Respublikasi hukumati tomonidan “Afrosiyob” muzeyini restavratsiya qilish loyihasi hamda Samarqanddagi arxeologik qoldiqlarni qazish va merosni asrash bo‘yicha amaliy ishlar qilindi. Xususan, 1970 yil Samarqandning timsoli bo‘lgan 1990 yilda qurilgan ushbu muzeyning ko‘rgazma zallari 50 yil ichida birinchi restavratsiya qilinishi mamlakatlarimiz birlashganini ko‘rsatmoqda. Muzeydagi eksponantlar nafaqat mamlakatlarimiz tarixiy ramzi, balki insoniyatning umumiy madaniy merosidir. Shu bois biz ularni asrab-avaylash va boshqarish uchun hamkorlikni davom ettiramiz.

- Muzeyda restavratsiya va ko‘rgazma ishlari oxirgi marta 1980-1990, qisman 2007 yillarda amalga oshirilgan va ko‘rgazma uskunalari ma’naviy jihatdan eskirganligi sababli hozirgi kun talablariga javob bermasdi, - deydi “Afrosiyob”  muzeyi direktori Samariddin Mustafoqulov. – Koreyaning Madaniy meros jamg‘armasi tomonidan ODA (Official Development Assistance) dasturi asosida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “Samarqand viloyatining tarixiy-madaniy turizm salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida muzeyining restavratsiya ishlari uchun 290 ming AQSh dollardan ziyod mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘ga muzeyning birinchi qavati ekspozitsiyasi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi, ko‘rgazmalar zali, videozal va yo‘laklar yangilandi. Ikkinchi qavatning shifti va tomi ham qayta ta’mirlandi. Yangi ekspozitsiyani loyihalashda devor sirtining umumiy rang tarkibi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Zallardagi eksponatlarni to‘g‘ri yoritish uchun rang kombinatsiyalari zallarning pollaridagi marmar qoplamlari bilan va devorlarni asosiy ranglari maxsus yorug‘lik moslamalari bilan uyg‘unlashtirildi.

Tadbirda muzeyni yangi ko‘rinishga keltirishda hissa qo‘shgan ikki davlat soha ma’ullariga esdalik sovg‘alari topshirildi va muzeydagi eksponatlar ko‘rgazmasi tomosha qilinib, milliy raqs tomoshalari namoyish etildi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.