“Afrosiyob” tezyurar poyezdi harakat jadvali ma’lum qilindi
18 maydan Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poyezdi hamda “Toshkent-Andijon” yo‘nalishida yo‘lovchi poyezdi qatnovi boshlanadi. Bu haqda “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Temir yo‘l qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish, shu jumladan, yo‘lovchilar sonini kamaytirish, dezinfeksiya qilish va boshqa sanitariya talablari so‘zsiz bajarilishi talab etiladi.
Ushbu vaqtinchalik tartibga barcha to‘liq rioya qilishi kerak.
"Poyezdlarga chiqishda yo‘lovchilar sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi markazi tomonidan koronavirus infeksiyasiga test tahlillari olinganiga 120 soatdan ko‘p bo‘lmagan va tahlil natijasi “manfiy” ekanligi haqidagi ma’lumotnomaga ega bo‘lishlari kerak. Temir yo‘l vokzallari hududiga hamda temir yo‘l transportlariga kirganda barcha yo‘lovchilar bir martalik himoya niqoblari va qo‘lqoplarda bo‘lishlari, temir yo‘l vokzallarida ijtimoiy masofani saqlashlari hamda yo‘naltiruvchi maxsus tasmalar bo‘ylab harakatlanishlari shart", deyiladi xabarda.
Yo‘lovchilar poyezd vagonlariga ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtiriladi. Poyezdlarga elektron chiptalar onlayn tarzda sotiladi. Elektron chipta olish imkoniyati bo‘lmagan yo‘lovchilar, o‘rnatilgan tartibda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilgandan so‘ng temir yo‘l vokzallari kassalaridan chipta olishlari mumkin bo‘ladi. Chipta olgan yo‘lovchilar tomonidan yo‘lovchilar so‘rovnomasi (marshrut varag‘i) to‘ldiriladi.
Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yishning Vaqtinchalik tartibi talablari bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning rasmiy veb-sayti orqali to‘liq tanishib olish mumkin.
Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poyezdi hamda “Toshkent-Andijon” yo‘nalishida qatnovi yo‘lga qo‘yiladigan poyezdlar harakat jadvaliga ko‘ra;
2020 yil 18 may kuni ertalab soat 7:00 dan “Toshkent-Navoiy-Buxoro” yo‘nalishida 762-sonli, o‘sha kuni soat 16:28 dan “Buxoro-Navoiy-Toshkent” yo‘nalishida 761-sonli;
2020 yil 18 may kuni ertalab soat 8:00 dan “Toshkent-Qarshi” yo‘nalishida 760-sonli, o‘sha kuni soat 17:58 dan “Qarshi-Toshkent” yo‘nalishida 759-sonli “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar;
2020 yil 18 may kuni ertalab soat 8:05 dan Toshkent Janubiy vokzalidan “Toshkent-Andijon” va o‘sha kuni soat 16:19 dan “Andijon-Toshkent” yo‘nalishlarida yo‘lovchi poyezdlar harakati boshlanadi.