Yolg‘on bo‘lsa-da, biz ishongan afsonalar

Ayrim tarixiy hodisa va shaxslar hayoti bilan bog‘liq rivoyatlarga shunchalik ishonamizki, hatto ba’zida ularning yolg‘onligini ham inkor etamiz.

Yolg‘on: Yunonlar Troyani zabt etish maqsadida troyaliklarga troya otini hadya etgan.

Haqiqat: Maqsad Troyani zabt etish bo‘lgan. Biroq hech qanaqa sovg‘a bo‘lmagan. Yunonlar taxtadan yirik ot haykalini yasab Troya devorlarini yorib o‘tishning uddasidan chiqishgan.

Yolg‘on: Mendeleyev kimyoviy unsurlarning davriy jadvalini tushida ko‘rganmish.

Haqiqat: Olimning o‘zi tush bilan bog‘liq bu hikoyani rad etgan: “Men uning (jadval) uchun yigirma yil bosh qotirganman”. Tush haqidagi hikoyani aslida o‘quvchilarining kayfiyatini ko‘tarish uchun hazil tariqasida Mendeleyevning do‘sti, o‘qituvchi A.Inostransev o‘ylab topgan.

Yolg‘on: Misr qirolichasi Kleopatra asli misrlik bo‘lgan.

Haqiqat: Mashhur Misr malikasining tomirida yunonlarni qoni oqqan. Kleopatra Aleksandriyada tug‘ilgan. Uning ajdodi Iskandar Zulqaynarning (Aleksandr Makedonskiy) sarkardalaridan biri Ptolemey edi. Zulqaynarning vafotidan keyin Ptolemey Misr hukmronligini qo‘lga kiritgan.  

Yolg‘on: Misr ehromlarini qullar qurishgan.

Haqiqat: Misr ehromlarini qullar emas, ozod va professional ishchilar qurganligini tasdiqlovchi bir qancha rad etib bo‘lmas dalillar mavjud.

Yolg‘on: Dengiz qaroqchilari faqat erkaklar bo‘lishgan.

Haqiqat: Dengizlar va ummonlar osha nafaqat erkaklar xazina izlagan, balki ayollar ham ularga yaxshigina raqobatchi bo‘lgan va qaroqchilik borasida ulardan qolishmagan.

Yolg‘on: Gladiatorlar har doim bir-birini o‘ldirishgan.

Haqiqat: Eng tajribali va malakali jangchilar juda qadrlangan va ularning ko‘pchiligi uzoq umr ko‘rgan. Gladiatorlarning suyaklari tahlil qilinganda, ular yuzdan ortiq janglarda ishtirok etgani, uzoq yashaganini ko‘rsatdi.

Yolg‘on: Mashhur Angliya qiroli Artur (sehrgar Merlinning do‘sti) tarixiy shaxs bo‘lgan.

Haqiqat: Artur hech qachon mavjud bo‘lmagan. Ehtimol, mazkur ism tarixda boshqa nom bilan mashhur bo‘lgan shaxsga nisbatan qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin.

Yolg‘on: Saleri (Motsartning ashaddiy raqibi) Motsartni zaharlagan.

Haqiqat: Salerida Motsartni o‘ldirishga hech qanaqa sabab yo‘q edi. U o‘sha davrda Motsartdan ko‘ra omadli, badavlat va mashhurroq bo‘lgan. Saleriga nisbatan qo‘yilgan barcha ayblar u hayotlik vaqtining o‘zidayoq bekor qilingan.

Yolg‘on: Barcha qadimiy haykallar va inshootlar oq rangda bo‘lgan.

Haqiqat: Qadimiy san’at oq rang bilan bog‘lanadi. Ammo binolar va haykallar qachonlardir yorqin ranglar bilan bo‘yalgan bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan ranglar o‘chib ketgan. Hozirgi kunda qadimiy yodgorliklarning haqiqiy rangini ultra binafsha nurlari yordamida ko‘rishning imkoni bor.

Yolg‘on: AQSh kovboylari otishmalar uyushtirishni yaxshi ko‘rgan.

Haqiqat: Aslida bunday fikr G‘arb filmlari orqali paydo bo‘lgan.

Yolg‘on: Ivan Grozniy o‘z o‘g‘lini o‘ldirgan.

Haqiqat: Hech qaysi qaydnomalarda shahzoda Ivanning o‘limi tabiiy bo‘lmaganligini tasdiqlovchi bitiklar uchramaydi. Bundan tashqari, shoh Ivanning Moskvaga yuborgan xatlari orqali uning o‘g‘li xastalik tufayli vafot etganini aniqlash mumkin. Buni zamonaviy tadqiqotchilar ham tasdiqlashgan.

Yolg‘on: Alfred Nobelning rafiqasi unga xiyonat qilgani sabab Nobel mukofoti ro‘yxatidan matematika fani olib tashlangan.

Haqiqat: Alfred Nobel hech qachon uylanmagan. Matematika sohasidagi yutuqlar uchun Nobel mukofoti berilmasligining boisi u mavhum fan sifatida tan olingan.

Yolg‘on: Qadimiy Spartada zaif tug‘ilgan chaqaloqlarni qoyadan pastga uloqtirishgan.

Haqiqat: Afsonaga ko‘ra, chaqaloqlarni jarlikka uloqtirishgan. Biroq afsonada keltirilgan jarlikdan topilgan qoldiqlar tahlil qilinganda, tadqiqotchilar ushbu qoldiqlar 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan erkaklarga tegishli ekanligini aniqlashdi.

  Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.