SamDU dunyoning TOP-600 oliy ta’lim muassasalari qatoridan joy oldi

Dunyoning eng nufuzli Times Higher Education reyting agentligining "Impact Ranking - 2025" natijalari e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti mazkur reytingda dunyoning eng yaxshi TOP-600 oliy ta’lim muassasalari qatoridan joy oldi. Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, 2025 yilda ushbu reytingda dunyoning 130 mamlakatidan 2526 universitet ishtirok etgan.

2024 yilda ushbu reytingda universitet ilk bor TOP-1000 universitetlar qatoriga kiritilgan edi.

Samarqand davlat universiteti, shuningdek, toza suv va sanitariya (SDG6) va quruqlikdagi ekotizimlarni asrash (SDG15) yo‘nalishlarida dunyoning TOP-100 universitetlari ro‘yxatiga ham kiritildi.

Shu munosabat bilan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirokida universitet ilmiy-pedagogik jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Dastlab universitet faoliyati, keyingi yillardagi yangilik va o‘zgarishlar haqidagi taqdimotlar bilan tanishildi.

Shundan so‘ng bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat rahbari professor-o‘qituvchilar tomonidan amalga oshirilayotgan amaliy ishlar, oliygoh ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqot va izlanishlar, kadrlar tayyorlash tizimi haqida gapirib, universitet jamoasini nufuzli jahon reytingida e’tirof etilganligi bilan tabrikladi.