Otashin jurnalist, mehribon ustoz

Narpay tumanining “Paxtakor ovozi” (hozirgi “Navqiron Narpay”) gazetasida mas’ul kotib sifatida faoliyat yuritardim. Kunlarning birida ustozim - gazeta muharriri o‘rinbosari Renat Rahimov huzuriga chaqirib, viloyat “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasi bosh muharriri Ahmadjon Muxtorov gazetaga Narpay, Paxtachi, Xatirchi va Sovetobod (hozirgi Nurobod) tumanlari bo‘yicha muxbirlikka munosib jurnalist kerakligini aytdi. Biz sening nomzodingni tavsiya qildik. Samarqandga borib, Ahmadjon aka bilan uchrashib ko‘rsang”, dedi. Ustozning so‘zini ikki qilmay, Ahmadjon Muxtorov huzuriga oshiqdim. U kishi iliq kutib oldi. O‘zimni tanishtirdim.
- Birga ishlaydigan hamkasblaringiz siz to‘g‘ringizda iliq gaplarni aytishdi. Umuman, bizga yozib yuborayotgan maqolalaringiz yomon emas. Ammo turli mavzularda, keng qamrovli, tahliliy va tanqidiy materiallarni ko‘proq yozish kerak... Xullas, bizda ishlash niyatingiz bormi? – dedi u jiddiy.
- Ishlamoqchiman, deya bosh qimirlatdim.
- Bo‘lmasa, bugundan boshlab sinov sharti bilan ishga qabul qilamiz. Hozir muharrir o‘rinbosari Otaxon Xo‘jayevning yoniga borib, topshiriq oling. Ishlaringizga muvaffaqiyat tilayman, - deya qo‘limni siqib xayrlashdi.
Qabuliga kirganimda salobati bosgan bo‘lsa-da, qushdek yengil bo‘lib chiqdim.
Ahmadjon Muxtorovni jamoatchi muxbirlar bilan uchrashuvlarda, yig‘ilishlarda ko‘rgan bo‘lsam-da, u bilan birinchi uchrashuvim ana shunday boshlandi.
Ahmadjon aka bilan qator yillar birga ishlab, undan gazetachilik borasida ko‘p narsalarni, sohaning sir-asrorlarini o‘rgandim. Bu olijanob insonni qat’iyatli, bilimdon, tashkilotchi, tashabbuskor va dilga yaqin ustoz sifatida qabul qildim. U ijodiy xodimlarga berilgan topshiriqlarning ijrosini qat’iy talab qilardi. Maqola, lavha, ocherk yoki tanqidiy materiallarning yuzaki yozilishiga yo‘l qo‘ymasdi. Gazetaning har bir soni, xodimlarning ish faoliyati jiddiy tahlil qilinardi.
Tahririyat yig‘ilishlaridan birida yozuvchi va dramaturg, gazeta muxbiri Yazdon Xudoyqulovning hafta davomida biror satr ham material bermaganligini tanqid qilib, pirovardida shunday degani hamon yodimda.
- Biz sizni iqtidorli dramaturg sifatida hurmat qilamiz. Ammo siz bizning sayyor muxbirimiz ekanligingizni ham unutmang...
Shundan so‘ng Yazdon aka muxbirlik faoliyatida ijobiy o‘zgarish yasadi...
Shuni alohida qayd etish kerakki, u faqatgina boshqaruv ishlari bilan band bo‘lib qolmasdan, mazmunli, hozirjavob va dolzarb mavzulardagi maqolalari, tanqidiy chiqishlari bilan ham boshqalarga o‘rnak bo‘lardi. Gazetaning deyarli har bir sonida “Ahmadjon Muxtorov” yoki “Ahmadjon G‘ulomov” imzosi bilan maqolalar berilardi. Ayniqsa, uning maqolalarga sarlavha topish qobiliyatiga tan berardik. “Sarlavha materialning oynasi bo‘lishi kerak. U maqolaning butun mazmunini ochib berishi lozim”, deya ta’kidlardi Ahmadjon aka. Shu tufayli u har bir sahifaning maketini albatta, ko‘zdan kechirar, ba’zan gazeta sahifalanayotganda ayrim materiallarning sarlavhasini shunday o‘zgartirib qo‘yardiki, uni tayyorlagan muallif qoyil qolardi.
Sayyor muxbirlarning tahririyatga yaqin bo‘lishi uchun Samarqand davlat universiteti yotoqxonasidan ikkita xonani xodimlarga ajratilishini ta’minlagandi. Joylardagi sayyor muxbirlar yoki uzoqdan qatnab ishlovchi muxbirlar vaqti-vaqti bilan shu yerda istiqomat qilishar yoki gazetaga navbatchilik paytida dam olishardi.
Ahmadjon aka mehnatni qadrlaydigan, qo‘l ostidagilarga nisbatan g‘amxo‘rlik qilishni unutmaydigan inson edi. O‘zim qishloqda yashasam-da, uyim yo‘qligi tufayli qator yillar ijarama-ijara sarson bo‘lganman. Ustozning g‘amxo‘rligi, sa’y-harakati tufayli Oqtosh shahridan uch xonali kvartira ajratib berishdi. Uning tavsiyasi bilan 1977 yilda sobiq ittifoq jurnalistlar uyushmasining faxriy yorlig‘iga sazovor bo‘ldim. Keyinchalik “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvonini olishimda ham Ahmadjon Muxtorovning bevosita xizmati borligini inkor etmayman.
U asos solgan “Xalq so‘zi” gazetasida faoliyat ko‘rsatgan yillari ko‘pchilik hamkasblarimiz uni “Respublikaning birinchi raqamli jurnalisti” deya e’tirof etishardi. Ahmadjon aka bu e’tirofga loyiq edi.
Mustaqil O‘zbekistonimizda bo‘layotgan olamshumul o‘zgarishlarni, xalqning qalb tug‘yonlarini, davr ruhini matbuot sahifalarida yorqin satrlar bilan dadil ifodalab beraolgan otashin jurnalist, mehribon ustoz edi Ahmadjon aka.
Rizo XUDOYQULOV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.