Eski chiroq – 150 ming so‘m zarar

Qishloqda yashaydigan do‘stimnikiga mehmonga bordim. Otasi qurgan pastqam, ko‘rimsiz uyni buzib, ikki qavatli imorat quribdi. Yangi uydagi jihozlar deyarli zamonaviy.
- Otam qurgan imoratlardan hu anavi og‘il qoldi, jo‘ra, - dedi u hovlining narigi chekkasidagi molxonani ko‘rsatib. – Uni buzmoqchi emasman. Ta’mirlab qo‘yaman, zamonaviy tilda aytganda, rekonstruksiya qilaman.
- Yaxshi, - dedim molxonaga tikilib turib. – Hozir chekka hududlargayam madaniyat kirib boryapti. Qishloq odamlari o‘zlari uchun shahardagidan qolishmaydigan darajada sharoit yaratib olyapti. Masalan, siz ham ko‘pchilik havas qiladigan yangi uyga ko‘chib kiribsiz. Chiroqlarning ham zamonaviylarini o‘rnatibsiz, molxonanikini hisobga olmaganda.
- Ha, siz ham ustimdan kulyapsiz shekilli, - dedi jilmayib do‘stim. - Tunov kuni shaharda yashaydigan opam ham mehmonga kelib, shu haqida gapirdi. Nima emish, otam zamonidan qolgan lampa butun O‘zbekiston bo‘yicha faqat mening hovlimda qolganmish. Opamga hazil aralash javob qaytardim. Bundan uch yil oldin otam so‘nggi nafasini olayotganda, uyimning chirog‘ini yoqib o‘tiradigan sensan, deganda, shu spiralli lampani nazarda tutgandir, dedim. Aslida, shuni yangisiga almashtirishga hech qunt qilmayapman. Rostdanam otam tirik paytida qo‘yilgan chiroq bu. Muddatini o‘tab bo‘lgan.
- Ustingizdan kulishmas, jo‘ra, yangi uyga LED chiroqlari o‘rnatganingizdan keyin energiya ham ancha tejalayotganiniyam sezayotgandirsiz, - dedim. - Bolaligingizda, katta bo‘lsam “ekonomist” bo‘laman, deb yoniq turgan chiroqlarni o‘chirib yurardingiz.
- Hozir ham shunday. Shukurki, bu odatim farzandlarimgayam o‘tgan. Molxonaning chirog‘i yoniq turganiga e’tibor bermang. Zarur bo‘lmagan paytda o‘chiq turadi doim. Shu kunlarda sigirim tug‘ish arafasida. Mabodo buzoqchasi kechasi tug‘ilib qolsa, bu yorug‘ olam, degani buncha qop-qorong‘u bo‘lmasa, deb o‘ylamasligi uchun yoqib qo‘yganman.
- Hazilniyam olasiz-da, do‘stim!
- Hazildan tashqari bir gap, - deya gapida davom etdi u yana kulimsirab. - Yaqinda bir “tadqiqot” o‘tkazdim. Boshqa chiroqlarni o‘chirib, molxonanikini yoqib qo‘ydim va hisoblagichga qaradim. 8 soat ichida 1,2 kVt/soat elektr energiyasi sarflanibdi. Keyin bitta LED lampani 8 soat yoqib qo‘ydim. Bu vaqt ichida 0,16 kVt energiya sarflanibdi. Shunday qilib, agar eski chiroqni zamonaviysiga almashtirsam, bir kunda taxminan 450 so‘m, bir yilda 150 ming so‘mdan ko‘proq foyda qilarkanman.
- Qoyil, “ekonomist” do‘stim!
Darhaqiqat, 150 vattlik an’anaviy chiroq o‘rnini 22 vattlik LED lampa bosa olar ekan. Masalan, spiralli chiroq o‘zidan yorug‘lik tarqatishi bilan bir qatorda issiqlik ham chiqaradi. Bu esa energiya sarfini oshiradi.LED chirog‘i esa unga nisbatan ancha tejamkor.
Bugungi kunda hayotimiz elektr energiyasi bilan chambarchas bog‘liq. Uyda, ishxonada, ko‘chada - har joyda elektr energiyasi biz uchun xizmat qiladi. Ammo uni oqilona va tejamkorlik bilan ishlatish har bir fuqaroning insoniy burchi bo‘lishi kerak.Agar biz elektrni tejashni odat qilsak, nafaqat cho‘ntagimizga, balki tabiat va kelajak avlodlarimizga ham foyda keltiramiz.
To‘lqin SIDDIQOV.