Isroil – Eron ziddiyati: O‘t ochish to‘xtatilmoqda

24 iyunga o‘tar kechasi AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va Eron o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganini e’lon qildi.

Tramp 21 iyundan 22 iyunga o‘tar kechasi AQSh Eron yadroviy inshootlariga zarba berganidan ko‘p o‘tmay urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni boshladi, deb yozadi Axios manbalarga tayanib. AQSh prezidenti o‘zining maxsus vakili Stiv Vitkoffga eronliklarni harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borish istagi haqida xabardor qilishni topshirdi.

Axios ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp muzokaralarni AQSh Eron yadro inshootlariga zarba berganidan so‘ng boshlagan. Biroq Tehron o‘z javob zarbasidan keyingina diplomatiyaga tayyorligini aytgan. Qatar muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etdi. Shunday qilib, Tramp o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganini e’lon qildi. Lekin bir soatdan keyin Isroil Eron yana raketa uchirgani haqida xabar berdi.

Sulh e’lon qilinganidan keyin taxminan olti soat ichida bosqichma-bosqich kuchga kiradi va bu orada ikkala davlat boshlagan operatsiyalarni yakunlaydi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Isroil va Eron unga "deyarli bir vaqtning o‘zida" murojaat qilgan va ular tinchlikni xohlashlarini aytgan.

Eron televideniyesi ham otashkesim kuchga kirganini e’lon qildi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi Isroil AQSh prezidentining ikki tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga roziligini bildirgan. Isroil Erondagi operatsiyasining “barcha maqsadlariga” erishgan va “ikki ekzistensial tahdid – yadroviy va ballistik raketalarni” bartaraf etgan. Bundan tashqari, Tehron osmoni to‘liq nazoratga olindi, harbiy elitasi jiddiy zarba ko‘rdi va hukumatning o‘nlab muhim ob’yektlari vayron qilindi”, deyiladi bayonotda.