Afsonaviy muhabbat sohiblari haqida yangi asar
O‘zbek adabiyotida “Tohir va Zuhra” dostoni eng mashhur xalq og‘zaki ijodi namunalaridan biri. U bir necha asrlardan buyon avloddan-avlodga, tildan-tilga o‘tib keldi. Doston voqealari IV asr oxiri va V asr boshlarida ko‘hna kent – Samarqand hududida sodir bo‘lgan.
“Tohir va Zuhra” sayyor syujetli asar bo‘lib, u O‘rta Osiyo, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Ozarbayjon va Volgabo‘yi xalqlari orasida ham ma’lum va mashhur. Ushbu doston voqealari asosida shu paytgacha o‘z davrining zabardast ijodkorlari tomonidan bir nechta qahramonlik dostonlari yaratilgan.
Dostonni birinchi bo‘lib, XVII-XVIII asrlarda yashagan o‘zbek shoiri Sayid Muhammad Sayyodiy qayta ishlab, uni she’riy asar holatiga keltirgan. Albatta, bu kabi buyuk dostonni nazmda ifoda etish ijodkordan katta mahorat va mehnat talab qiladi. Iste’dodli ijodkor Muqaddasbonu Ahmadjonova “Tohir va Zuhra” asarining yangicha talqinini yaratishdek ulkan ishga qo‘l urdi.
M.Ahmadjonova asarni qayta ishlashdan avval katta tayyorgarlik va ijodiy-ilmiy izlanishlar olib bordi. Xususan, Oqdaryo tumani Qorabotir qishlog‘idagi “Tohir va Zuhra” ziyoratgohida bo‘ldi. Asarning avvalgi namunalarini chuqur o‘rgandi, ushbu asar haqida berilgan ko‘rsatuvlar, ilmiy izlanishlar, maqolalar bilan tanishdi. Nihoyat, mehnati samarasi o‘laroq zamonaviy o‘zbek adabiyotida afsonaviy muhabbat sohiblari haqida yana bir asar dunyoga keldi.
Xalq og‘zaki ijodining bu nodir namunasi mukammal nazmiy doston sifatida o‘zidan oldingi shu nomdagi dostonlardan farqli o‘laroq badiiy to‘qimalar, voqealar bizning zamonamiz ruhidan uzoqlashib ketmagan. O‘quvchi bir-ikki asr avval yuz bergan hodisalarni tasavvurida jonlantiradi. Muallif dostonda qofiya va vazndan keng foydalanadi, Allohga hamd, payg‘ambarga na’t bag‘ishlashda ham an’analarga amal qiladi, voqeanavislikda esa kuchli mantiqiylikka asoslanadi.
Ushbu kitob Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan.
Sulaymon Mardiyev.