Agar ishonch yo‘qolsa...

Ishda, o‘qishda, qolaversa, oilada dard-u tashvishlaringizni aytib, ko‘nglingizni yozadigan insonlar bormi?
Bu savolga “ha” deb javob beradiganlar, afsuski, juda kam. Birovga sir boy bermaslikka harakat qilasiz, chunki u bundan g‘arazli foydalanishi mumkin. Tanishlaringizning gaplariga «xo‘p» deysiz-u ammo ich-ichingizda bir shubha turadi. O‘sha gap haqiqatligini boshqa yo‘l bilan yana tekshirasiz.
Bularning bari odamlar orasida bir-biriga nisbatan ishonchning yo‘qolib borayotganini anglatmaydimi? Yoki «Ishon, ammo shubha qil», degan ibora hayotda shunchalik kerakmi? Nega odamlar bugun eng yaqin kishisiga ham butkul ishonmaydi?
– Bugun «hech kimga ishonch qolmadi», degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Tijoratdagi hamkori aldab ketgan, chet eldagi sheriklaridan zarar ko‘rgan, oilasi ishonchsizlik sababli barbod bo‘lgan kishilarni uchratamiz. Shularni o‘ylab yaxshisi, hech kimga ishonib qolmagan ma’qulmikan, degan xayolga boraman, – deydi tijoratchi qo‘shnim. - Bunga sabab o‘zim ham hayotda ishonchsizlik orqasidan juda ko‘p aziyat chekkanman.
Ayrimlar aldash ortidan daromad topishni, firibgarlikni o‘zlariga kasb qilib olishgan. Hozir bunaqalarni hamma sohada uchratish mumkin.
Eng dahshatlisi shundaki, boshqalarning ishonchiga kirib, so‘ng uni xonavayron qilib ketadiganlarning oshig‘i olchi ekanini ko‘ramiz. Shularni ko‘rganlar «demak, bu yo‘l to‘g‘ri ekan-da», deb o‘ylashi, ularga ergashishi ham hech gap emas. Shunday bo‘lgandan keyin odamlar orasida ishonch qolarmidi?
Shaxsan men har gal kimgadir ishonishni istayman-u lekin shu soddaligim va ishonuvchanligim sababli chekkan aziyatlarimni eslab, hech kimga ishonolmayman.
Menimcha ishonch odamlar orasidan batamom yo‘qolib ketganda ham buning uchun birovni ayblab bo‘lmaydi. Ishonch, uni avaylab - asrash har bir insonning o‘z vazifasi. Ishonch yo‘qolib ketyapti, deb o‘tiraverish bilan ish bitmaydi. Chunki o‘sha ishonchni yo‘qotayotganlar – o‘zimiz. O‘z kamchiliklarimizni to‘g‘rilash o‘rniga boshqalardan behuda gina-araz qilib, yaxshiroq muomala kutish to‘g‘ri emas.
Men yetmish ikki yoshdaman. Shu paytgacha birov mening ishonchimni poymol qilganini eslay olmayman. Men haqimda hech kim «O‘sha odam ishonchimni oqlamadi», deganini ham eshitmaganman. Balki kimdir, nimadir sabab bilan ishonch masalasida sizda noxush taassurot koldirgan bo‘lishi mumkindir. Uning sababini so‘rab, to‘g‘ri tushunishga, uzrini qabul qilishga harakat qilish kerak. Shundagina odamlar orasida ishonch yanayam mustahkam bo‘lib boraveradi.
Rahbar qo‘l ostidagilariga ishonmasa, bunday ishda unum bo‘lmaydi. Er-xotin bir-biriga ishonqiramay yashasa, kuni kelib, ishonchsizlik orani ajratadi. Bu narsalarga ayniqsa, yoshlar ko‘proq e’tiborli bo‘lishi kerak.
Abduaziz HOShIMOV.