Agrar soha magistrlari Germaniyada amaliyot o‘tamoqda

- Prezidentimizning talaba yoshlar bandligini ta’minlash borasida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida filialimizda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hamda olib borilayotgan ilmiy va startap loyihalarga 60 dan ortiq talaba-magistrantlarni ishga qabul qildik, - deydi Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali direktori Shavkat Hasanov. - Bugungi kunda filialning 9 nafar magistri Germaniyadagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi yetakchi klasterlar va xo‘jaliklarga ish haqi to‘lanadigan 6 oylik, 3 oylik stajirovkaga yuborilgan. Stajirovkalarni tashkil qilishda respublikamizda nisbatan yangi tarmoq hisoblangan va kadrlar tanqisligi mavjud bo‘lgan dorivor ekinlarni yetishtirish va qayta ishlash hamda gulchilik sohalariga e’tibor qaratildi.

- Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanidanman,  - deydi filialning 2-bosqich magistranti Mirmuhsin Nuraliyev. - Ayni vaqtda Germaniyada JD East dasturi orqali tashkil etilgan 6 oylik qishloq xo‘jaligi amaliyotini o‘tamoqdaman. Amaliyotni Germaniyaning yashil yuragi nomi bilan dunyoga mashhur Tyurengen bundeslandida joylashgan "Fuß Hopfenbau" agroklasterida kursdoshlarim Hayotjon Abdullayev, Doston Berdimurodov va Sohibjon Niyozov bilan birgalikda olib bormoqdamiz.

Hopfen yoki xmel o‘simligi - dunyoda kam tarqalgan ko‘p yillik dorivor va texnik o‘simlik hisoblanadi. Biz stajirovka o‘tayotgan xo‘jalikda ushbu o‘simlik 200 gektardan ziyod maydonda yetishtirilmoqda. O‘simlik agrotexnikasi, ya’ni ekinni parvarishlash, suv tejovchi texnologiyalar asosida sug‘orish, kasallik hamda zararkunandalardan himoya qilish, hosilni yig‘ish, qadoqlash kabi tadbirlarni o‘rganyapmiz.

- Biz ayni damda oliygohimiz tomonidan Germaniya davlatiga haq to‘lanadigan 3 oylik amaliyot o‘tash uchun kelganmiz, - deydi filialning 1-bosqich magistranti Sayyod Sayfiyev. - Germaniyaning Dusseldorf shahridagi gulchilik va bog‘dorchilikka ixtisoslashgan “Becker Gartenbau Gbr” xo‘jaligida tajriba va bilimlarimizni kursdoshim Elyor Nortoshev bilan birgalikda oshirmoqdamiz. Ushbu xo‘jalikda bugungi kunda yuz turdan ortiq gullar yetishtirilib, parvarishlanmoqda. Xo‘jalikda yetishtirilayotgan gullar butun Yevropa bo‘ylab eksport qilinadi. Ayniqsa, lavanda yetishtirish va parvarishlash bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu ekinni yetishtirishga yevropaliklar katta e’tibor qaratadi. Xo‘jalikda bu kabi o‘simliklarni yetishtirish bilan bir qatorda, uning marketingi bilan ham qiziqib, gul bozorlarini o‘rganmoqdamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 avgustdagi “Respublika hududlarida gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori bilan 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida gulchilik magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi belgilangan bo‘lib, yangi o‘quv yilidan filialda ham gulchilik bo‘yicha magistrlar tayyorlanishi rejalashtirilgan.

Xurshida Ernazarova.