Agrofirmaning 352 million so‘mlik avtomobili xatlandi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudining ijro varaqasiga asosan, qarzdor “J.X.B” agrofirmasidan undiruvchi “Mikrokreditbank” ATB Urgut filialining foydasiga 583 million so‘mga yaqin kredit qarzdorligi undirishi belgilangan.

Undiruv garovga qo‘yilgan “Toyota Prado”, “Captiva”, “Cobalt” va “Damas” rusumli avtotransport vositalariga qaratilgan. Ushbu ijro hujjati Majburiy ijro byurosining Urgut tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, ijro harakatlariga kirishilgan hamda qarzdor bir necha marotaba ogohlantirilgan.

Ijro harakatlari davomida davlat ijrochisi tomonidan berilgan ixtiyoriy muddat o‘tganligi sababli, agrofirmaning “Toyota Prado” rusumli avtotransport vositasi xatlandi hamda “E-ijro auksion” yagona elektron savdo maydonida 352 million so‘mga sotilib, kredit qarzini yopishga qaratildi. Endi navbat “Captiva”, “Cobalt” va “Damas”ga.

Ma’lumot uchun, joriy yilning o‘tgan 2 oyida Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasiga 391 milliard 925 million so‘m undiruv summasi bilan 31180 ta ijro varaqasi kelib tushgan. O‘tgan yilgi qoldiq bilan ijroga qaratilgan hujjatlar soni 275089 tani tashkil etadi. O‘tgan ikki oyda byuro tomonidan 45767 ta ijro varaqasi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinib, amalda 16624 ta holatda 228 milliard 519 million so‘m undirilgan.

Adham NARZULLAYeV,

MIB viloyat boshqarmasi inspektori.