Ahmadjon Muxtorovni yod etib...

O‘tgan asrning 80-yillari boshlarida Ahmadjon Muxtorovni O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi raisligiga saylashdi.
O‘shanda men “Leninskiy put” gazetasida ishlardim. U kishi meni mazkur tashkilotning mas’ul kotibligiga jamoatchilik asosida ishlashga tavsiya qildi. Raisning ishi rahbarlik bilan bog‘liq va ancha ko‘p, mening vazifam esa boshqaruv yig‘ilishlari bayonnomalarini yozib borish va ayrim texnik masalalarni yechishdan iborat edi. Hisobotlar yozish, a’zolik badallarini yig‘ish, uyushmaga a’zolikka kiruvchilarning hujjatlarini taxlash va hokazolar.
Birgalikdagi ish faoliyatimizning birinchi kunidanoq Ahmadjon aka menga nisbatan juda g‘amxo‘rlik qilar, yuzaga keladigan muammolarni yechishda yordamlashardi. O‘z navbatida men ham uning ishonchini oqlashga harakat qilardim. Shunisi hayratlanarli ediki, u kishida o‘zida jurnalist va muharrirlik fazilatlari uzviy edi. Barcha sahifalar chop etishga berilganidan so‘nggina uyiga ketardi. Odatda iste’dodli jurnalist yaxshi tashkilotchi, yaxshi muharrir esa qobiliyatli muxbir bo‘lolmasdi.
Mazkur fazilatlarga uning intizomliligini ham qo‘shmoqchiman. Bir kuni Bulung‘ur tumanida oblast partiya komitetining ko‘chma yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda raykomning birinchi kotibi (adashmasam Rizayev)ning masalasi ko‘rildi. Masala mohiyati menga qorong‘i. Qisqasi, uni ishdan olishdi. Yig‘ilish oqshomda tugadi. Majlis qatnashchilari tarqala boshladilar. Raykomning sobiq kotibi shaharda yashardi. Lavozimdan olinib, xizmat mashinasidan ham mahrum bo‘lgan rahbarni shaharga olib ketishga hech kim betlamasdi. U bir chekkada mung‘ayib turardi. Shunda Ahmadjon aka uning oldiga borib, sobiq rahbarni o‘zining mashinasiga taklif qildi.
80-yillarning ikkinchi yarmida respublikada salbiy holatlarga qarshi kurashni kuchaytirish, “paxta ishi”ni kengaytirish maqsadida markazdan O‘zbekistonga mutaxassislar yuborildi. Ularning ko‘pchiligi mahalliy aholining hayoti, an’analarini bilmas, bu yerga mansab pillapoyalaridan ko‘tarilish uchungina “komandirovka” qilingan edi. Boshqalari esa o‘zlarini faqat nazoratchi, rahbar o‘rnida ko‘rardilar. Minglab jinoyat ishlari ochilib, ommaviy qatag‘onlar boshlanib ketdi. Ammo bu qatag‘onlarning ildizi Moskvada edi. Ayni paytda butun mamlakatda demokratik yangilanishlar ham boshlangandi. A.Muxtorov respublika yetakchi gazetasining bosh muharriri sifatida o‘sha yillari muqobillik asosida sobiq SSSR xalq deputati qilib saylandi. SSSR xalq deputatlari s’yezdida Ahmadjon akaning qisqa ammo sermazmun chiqishini o‘shanda televideniyening to‘g‘ridan-to‘g‘ri reportaji orqali ko‘rganman. U o‘sha chiqishida qo‘rqmasdan mazkur qatag‘onda markaziy hokimiyatni ayblab gapirgandi.
Ahmadjon aka nima uchun muharrirlikdan ishdan olinganini bilmayman. Mening fikrimcha, o‘shanda bundan o‘zbek jurnalistikasi yutqazdi.
Yana Ahmadjon akaning Samarqanddagi faoliyatiga qaytsak. Uning ko‘plab shogirdlari bor edi. Keyinchalik ular mashhur jurnalist va yozuvchi bo‘lib yetishdilar. Shaxsan men u kishidan juda ko‘p narsani o‘rgandim. Ishga munosabat, kasbimga va o‘z-o‘zimga talabchanlik, hayotni bor qirralari bilan ko‘ra olish shular jumlasidan.
Yana bir shaxsiy mulohazamni aytmoqchiman. Balki, viloyat jurnalistlar tashkiloti ikki yilda bir marta A.Muxtorov nomidagi tanlov o‘tkazib, eng yaxshi jurnalistik ishlar mualliflarini taqdirlab borar? Balki, qadim Samarqandning birorta ko‘chasiga u kishining nomi berilar?
Bu fikrlarim uchun oldindan uzr so‘rayman. Negaki, men yerdan 30 yil ilgari ketganman va shuning uchun ham hozirgi vaziyatdan bexabarman. Ammo, Ahmadjon akaning nomi samarqandliklar yuragida doimo qolish uchun munosib deb o‘ylayman.
Enver IBRAGIMOV,
Simferopol.
P/S. Ahmadjon Muxtorov 1936 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. 1973-1986 yillar davomida «Zarafshon» (sobiq “Lenin yo‘li”) gazetasiga muharrirlik qilgan, keyinchalik “Qishloq haqiqati”, “Xalq so‘zi” gazetalarini boshqargan. Milliy matbuotimiz shakllanishida uning alohida o‘rni bor edi. Enver Ibragimovning bildirgan fikri va ehtiromi ustoz-jurnalistga bo‘lgan hurmat ramzidir.