Aholi daromadlari qayerda qanchaga o‘sgan? Ma’lumotlar e’lon qilindi

Statistika agentligining to‘qqiz oylik yakuni bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, aholi jon boshiga umumiy daromadlar 15,5 foizga (inflyasiyani hisobga olgan holda — 5,5 foizga) o‘sib, 17,4 mln. so‘mni tashkil etgan.

Ta’kidlanishicha, aholi jon boshiga daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Toshkent shahri (+10,5 foiz), Andijon (7,6 foiz), Samarqand (6,5 foiz) va Navoiy (6,4 foiz) viloyatlarida kuzatilgan. Farg‘ona viloyati va Surxondaryoda esa o‘sish atigi 1,3 foiz va 1,5 foizni tashkil etgan.

“Hududlar o‘rtasidagi tabaqalanish kuchaydi. Yil davomida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlardagi farq eng boy va eng kambag‘al uch mintaqa o‘rtasida 2,2 barobardan 2,3 barobargacha oshdi. Taqqoslash uchun: 2020 yilda bu farq 2,15 barobarni tashkil etgan edi. Toshkent va Qoraqalpog‘iston o‘rtasidagi daromadlar farqi 3,13 barobardan 3,32 barobargacha ko‘tarildi”, deyiladi agentlik ma’lumotida.

Daromadlar tarkibida mehnat faoliyatining ulushi (yollanma ishchilar va o‘zini o‘zi band qilganlar) 63,8% dan 62,8 foizgacha pasaygan. Yollanma ishchilarning daromadi o‘tgan yilning dastlabki to‘qqiz oyidagi 20,1 foizga nisbatan 17,4 foizga, o‘zini o‘zi band qilganlarniki esa 16 foizga nisbatan 15,3 foizga o‘sgan.