Aholini kambag‘allikdan olib chiqishda Kattaqo‘rg‘on tajribasi

Karantin kunlari aholining ijtimoiy himoyasi faqatgina oziq-ovqat mahsulotlari tarqatish bilan cheklanib qolmadi.
Kattaqo‘rg‘on shahrida aholini kambag‘allikdan chiqarish, ularga ish o‘rni yaratish, zarur ehtiyojlarini o‘rganib, shunga munosib tarzda yordam berish uchun oilalarning moliyaviy ahvoli bo‘yicha shakllantirilgan ro‘yxatlar aniq mezonlar bilan to‘ldirildi.
- Shahar hokimi topshirig‘iga asosan sektorlar hududidagi kam ta’minlangan, kambag‘al aholini bu vaziyatdan chiqarish uchun maqsadli ishlarni amalga oshirish rejasi tuzildi, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi rahbari Feruza Rahimova. – Har bir sektor rahbari o‘z hududidagi kambag‘al aholiga yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rayapti. Aytish kerakki, ushbu yordam ko‘rsatish faqat kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining holidan xabar olishgina emas, balki bandlik, tibbiyot, ta’lim bilan bog‘liq muammolarni hamkor tashkilotlar bilan hal qilish va uni nazoratga olishdan iborat. Ayni paytda oilalarning imkoni va xohishiga qarab ularning xonadonlarida kichik issiqxonalar tashkil qilinmoqda, tovuq va chorva olib berildi.
Xususan, 20 ga yaqin oilaga issiqxona tashkil qilib berildi, o‘nlab oilalarga parrandachalik bilan shug‘ullanishi uchun imkon yaratildi. Tadbirkorlar ham oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish masalasiga bee’tibor emas. Ular oilalarga biriktirilib, xonadon a’zolariga ishbilarmonlikdan saboq berib, kelgusida hunarmandchilik yoki tadbirkorlikning u yoki bu turida ish boshlashlari uchun imkon beradi. Bu usulning yaxshi tomoni shundan iboratki, odamlarda ham amaliy, ham nazariy jihatdan tadbirkorlik ko‘nikmalari shakllanadi.
Ayni paytga qadar karantin paytida qiynalgan, muhtoj 1300 xonadonga 145 million so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, kasaba uyushmalari kengashi bilan hamkorlikda manzilli dastur tuzilib, muhtoj xotin-qizlarning uy-joyini ta’mirlash, nogironligi bor, ammo hunarmand xotin-qizlarga tikuv mashinkalari berilishi rejalashtirilgan.
Yaqinda viloyat hokimi E.Turdimov Kattaqo‘rg‘ondagi bir nechta ob’yektlarni ko‘zdan kechirdi. Hududda ijtimoiy jabhalarda olib borilishi kerak bo‘lgan zarur tavsiyalarni berdi. Shuningdek, o‘tgan oyda Kattaqo‘rg‘on shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida qiynalib qolgan oilalar holidan xabar olindi. Yong‘indan aziyat chekkan 16 oilaga uy beriladigan bo‘ldi.
Gulruh MO‘MINOVA.