"Aka-uka"lar sudlashdi yoki siz-u bizning pulimizni qanday tuya qilishayotgani xususida yangi hikoya

Samarqand shahar gazetasi telegram kanalida qayd etilishicha, viloyat Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi hamda "Toza hudud" davlat unitar korxonasi sudlashgan.

Nima bo‘libdi, deyishga shoshilmang. Chunki boshqalar qatori siz-u bizning pulimizni ham behuda sovurishayotgani alamli.

Aslida bir vazirlikka bo‘ysunuvchi bu ikki o‘zaro oldi-berdida munosabatlari sudgacha yetib borgani achinarli. Xabarda aytilishicha, "Toza hudud" DUK viloyat chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi sakkiz yuz million so‘mning nari-berisidagi mablag‘ni vaqtida to‘lab bermagan. Oqibatda sud kechiktirilgan bu to‘lovga 100 million so‘mdan ko‘proq penya ham qo‘shib berish haqida qaror chiqargan.

Albatta, o‘sha qo‘shimcha to‘lanayotgan 100 million so‘m o‘tgan yilgi hisob-kitoblarni vaqtida qilmagan rahbarning cho‘ntagidan ketmaydi. "Toza hudud" DUK hisob raqamidan to‘lanadi, tabiiyki, iste’molchi amalga oshirgan to‘lov behuda sarflanadi. Vaholanki, shu pulga yangi texnika xarid qilish mumkin edi yoki xizmatchilarga yaxshigina qo‘shimcha haq bersa bo‘lardi. (Yo‘q, bu haqda o‘ylagan rahbarni sovuq ter bosadi - xizmatchiga belgilanganidan ko‘proq pul berish...)

Borini to‘g‘ri sarflamayotgan tizimdagilar tariflarni oshirish haqida jon kuydirayotgani esa yanada alamli.