Akademik Bobomurod Ahmedov: Oydagi limonni Yerdan turib kuzatish mumkin

Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, akademik Bobomurod Ahmedov ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda talabalar shu va boshqa qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

- Keyingi yillarda erishilgan natijalarga qarab, xususan, astronomiya va astrofizikada buyuk kashfiyotlar davri keldi, deb bemalol ayta olamiz, - deydi akademik Bobomurod Ahmedov. – Hozir 100 milliard atrofida galaktika va har bir galaktikada taxminan 200 milliardga yaqin yulduz borligi aniqlangan. Ularning atrofida qancha sayyora harakatlanib yurganini aniqlash esa juda mushkul. Bugun hayotimizga yuqori texnologiyalarning kirib kelishi, har tomonlama mukammal asbob-uskunalarning yaratilishi natijasida koinot bilan bog‘liq yangi-yangi sirlar ochilmoqda. Hatto, shunday teleskoplar borki, Oyning ustiga limonni qo‘yib, Yerdan turib kuzatish imkonini beradi.

Akademik tadbirda ilm, fan yangiliklaridan tashqari o‘zi talaba bo‘lgan davrlarni ham eslab o‘tdi.

- Markaziy Osiyoning eng qadimiy ilm dargohi bo‘lgan Samarqand davlat universitetida o‘qiganimdan faxrlanaman, - dedi u. - Men o‘qigan yillarda muhit boshqacha edi. Universitetning hozirgi binosini ko‘rib odamning havasi keladi. Universitet ko‘chasidan o‘tganimda, nahotki men o‘qigan universitet shu bo‘lsa, deb hayratlanib qolaman. Hech qachon bunaqa sharoit bo‘lmagan. Siz, yoshlar eng yaxshi davrda o‘qiyapsiz. O‘qing, izlaning. Marrani egallash o‘zingizga bog‘liq.

Tadbirda universitet prorektorlari, professor-o‘qituvchilar ham ishtirok etib, bu uchrashuv talabalar uchun muhim mahorat darsi ekanligini e’tirof etdi.

Uchrashuv so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.

***

Xuddi shunday uchrashuv Nurobod shaharchasida ham o‘tkazildi. Unda tuman mahallalari faollari, o‘qituvchi va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.