Akademik Erkin Ergashevning veterinariya sohasida yaratgan maktabi bugun ham izlanuvchi olimlarga ko‘makchi bo‘lyapti

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, veterinariya fanlari doktori, professor Erkin Ergashev tavalludining 90 yilligi munosabati bilan “Veterinariya parazitologiyasining dolzarb muammolari va istiqboldagi vazifalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy amaliy konferensiya ish boshladi.

O‘z davrida O‘zbekistonning eng yosh fan nomzodi, eng yosh professori (32 yoshda), eng yosh Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, Xalqaro gelmintologlar jamiyatining eng yosh (40 yoshda) a’zosi, shuningdek, akademik Skryabin nomli oltin medal, “Davlat ixtirochisi” kabi sharafli unvonlar bilan taqdirlangan taniqli parazitolog olim Erkin Hamidovich Ergashev hayot bo‘lganida bu yil 90 yoshni qarshilardi. Halqaro ilmiy amaliy anjumanda akademikning shogirdlari, izdoshlari - Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston Respublikalaridan hamkor oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqotlar institutlari vakillari va akademikning oila a’zolari ishtirok etishdi.

Universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov xalqaro anjuman ishtirokchilarini qutlar ekan, akademikning hayoti, faoliyati sobiq Samarqand qishloq xo‘jalik instituti va bugungi Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti bilan chambarchas bog‘liqligi, talaba, aspirant, o‘qituvchi, professor sifatida va ustoz hayotining oxirigacha - yosh mutaxassis kadrlar tayyorlash, yosh olimlarni tarbiyalash va shuningdek sohaga oid ilmiy maktab yaratishda va uni rivojlantirishda xizmatlari beqiyos ekanini alohida ta’kidladi. 

Shuningdek, Akademik Ergashev faoliyati davomida 750 dan ortiq kitoblar, monografiyalar, darsliklar, ilmiy maqolalar hamda 200 dan ortiq mualliflik guvohnomalari, patentlar, tavsiyanomalar muallifi bo‘lgani va 1983 yilda fandagi ulug‘ xizmatlari yuksak baholanib, unga "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi" sharafli unvoniga sazovor bo‘lgani haqida e’tirof etdi.

Vitebsk davlat Veterinariya meditsinasi akademiyasi (Belarus Respublikasi) professori, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Anton Yatusevichning fikrlariga ko‘ra, Erkin Hamidovichning ilmiy ishlari dunyoning yirik olimlari tomonidan yuqori baholangan. 

Darhaqiqat, Yevropaning bir necha rivojlangan mamlakatlaridagi nufuzli ilmiy jurnallar yosh o‘zbek olimining ilmiy xulosalarini birin-ketin chop eta boshlashgan. Shu tariqa Xalqaro parazitologiya jamiyatlari ilm osmonida paydo bo‘lgan yorqin yulduzni yaqqol tan olganlar. Anjumanning tantanali ochilish marosimida ZOOM dasturi orqali O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, professor Sh.Jabborov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, biologiya fanlari doktori, professor Jaloliddin Azimov, Vitebsk davlat Veterinariya meditsinasi akademiyasi (Belarus Respublikasi) rektori N.Gavrichenko va boshqa olimlar ishtirok etdi. Ma’ruzachilarning ta’kidlashicha, olimning ilmiy salohiyati juda yuqori bo‘lgan. Akademikning Amerika, Yevropa va Osiyo mamlakatlaridagi nufuzli ilmiy dargohlarda qilingan ma’ruza va chiqishlari parazitologiya sohasining eng murrakab jihatlariga bag‘ishlangani bilan ham diqqatga sazovordir. Marosim davomida ishtirokchilar universitetda amalga oshirilayotgan “Mega loyiha” - “O‘zbekistonda veterinariya, biotexnologiya va chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun ilmiy kadrlarni intensiv tayyorlash ilmiy biznes inkubatori” faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.