Akademik Samarqandda pedagog va talabalarga mahorat darsi o‘tdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 23 dekabrda "O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida" Farmon qabul qildi.

Ushbu farmonga asosan 16 nafar olim O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib tasdiqlandi. Ular orasida payariqlik olim, bugungi kunda Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Xolboy Ibraimov ham bor.
Akademik X.Ibraimov bugun Samarqand shahridagi O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutida professor-o‘qituvchilari va talabalar bilan uchrashdi.
- Akademik degan sharafli unvonga sazovor bo‘lganimdan keyin ilk uchrashuvni aynan o‘zim tug‘ilib o‘sgan, ta’lim olgan Samarqanddan boshlashni niyat qildim, - deydi X.Ibraimov. – Bugun biz turgan mazkur institut binolari, hovlisi men uchun qadrdon. Bu yerda yoshlik, talabalik davrim o‘tgan. Erishgan ulkan yutuqlarim ushbu ta’lim dargohida ustozlarimning bergan sabog‘i tufaylidir. Pedagog – yosh avlodga ta’lim-tarbiya beruvchi, ularni ezguliklar sari yetaklovchi shaxs. Buning uchun, avvalo, u tarbiyali, bilimli bo‘lishi kerak.
Akademik bilan uchrashuv viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida ham tashkil etildi. Uchrashuvlar davomida pedagog va talabalar uchun mahorat darslari ham tashkil etildi.