Aksariyat sobiq mahalla raislari qayta saylangan

Viloyatimizda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylovi yakunlandi.
Bugungi kungacha 1081 ta mahalladan 1078 ta mahallada fuqarolar yig‘ini raisi saylovi o‘tkazilib, ko‘rsatilgan 2900 nafar nomzod orasidan munosiblari saylandi.
Ma’lum qilinishicha, qolgan 3 mahalla - Nurobod tumanidagi Olg‘a, Bulung‘ur tumanidagi Amir Temur, Ishtixon tumanidagi G‘afur G‘ulom nomli mahalla raislarining vakolat muddati tugamagan.
Saylangan raislarning 356 nafari birinchi marta saylanganlarni, 69 nafari ayollarni, 722 nafari amaldagi mahalla raislarini, 24 nafari deputatlarni tashkil etadi. Shuningdek, sifat tarkibi bo‘yicha 971 nafari (90 foizi) oliy, 107 nafari (10 foizi) o‘rta-maxsus ma’lumotga ega.
Yoshi toifasi bo‘yicha tahlillarga ko‘ra, 7 nafari 30 yoshgacha, 182 nafari 40 yoshgacha, 342 nafari 50 yoshgacha, 410 nafari 60 yoshgacha, 137 nafari 60 yoshdan oshgan.
Mutaxassisligi bo‘yicha 265 nafari o‘qituvchi, 251 nafari iqtisodchi, 113 nafari muhandis, 59 nafari huquqshunos, 61 nafari agronom, 329 nafari boshqa sohalar vakillari.
Yangi saylangan mahalla raislari o‘z faoliyatini zarur bilim va ko‘nikma bilan boshlashi uchun joriy yil 19-maydan o‘quvlar tashkil etilmoqda. Bugungi kungacha o‘quvlarda 981 nafar mahalla raisi malaka oshirgan.
Y.MARQAYEV.