Albert Eynshteynning iqtiboslari

1922 yilda Eynshteyn Tokioda ma’ruza o‘qirdi. Kechqurun bir kishi uning mehmonxonadagi xonasiga telegramma olib keldi. Unga minnatdorchilik bildirish istagida bo‘lgan olim qog‘ozda bir necha so‘zlarni yozdi va “Qachonlardir bu varaqa biror bir qiymatga ega bo‘ladi”, deb choychaqa sifatida unga uzatdi.

2017 yilda xabarchi o‘z jiyaniga vasiyat qilib qoldirgan ushbu varaqa kim oshdi savdosida bir yarim million AQSh dollariga sotildi.

Unda shunday yozilgan edi:

“Shon-shuhrat orqasidan quvishdan ko‘ra, kamtarin kechirilgan hayot baxt va osoyishtalikni keltiradi”.

Buyuk olim dunyodan ko‘z yumganiga 65 yildan ortiq vaqt o‘tdi. Iqtidorli fizik hayotning barcha masalalarida ham juda sezgir edi. U hatto bugungi kunda muhim sanaladigan va ko‘p asrlardan keyin ham dolzarbligini yo‘qotmaydigan ko‘plab yorqin iqtiboslarini qoldirgan.

“Baxtli inson kelajak haqida ko‘p qayg‘urmaydi, negaki u bugungi kunidan mamnun”.

Kulgili jihati Eynshteyn bu fikrini birinchi marta maktabdagi inshoda yozgan. Biroq olim haq edi. Ehtiyoj bizni oldinga siljitadi va bu har doim ham moddiy ehtiyoj bo‘lmasligi mumkin. Boshqalar uchun foydali bo‘lish istagi ham kuchli kishilarning orzusi. Bu intilishlar insonni rivojlantirib boradi.

“Bir marta o‘z chegaralarini kengaytirgan idrok avvalgi sohillariga qaytmaydi”.

Haqiqatan ham bu inson idrokining qiziqarli bir jihati. Intellektual darajaning past pog‘onasiga tushish juda qiyin.

Moliyaviy jihatdan oson bo‘lishi mumkin, masalan, ishingizdan ayrildingiz, turmush darajangiz tushib ketdi – bunga ko‘nikish mumkin. Biroq, aql-idrok bilan bunday ish tutib bo‘lmaydi. Siz hamma narsaga talabingizni yuqorilata boshlaysiz.

“Hayot - velosiped haydashga o‘xshaydi. Muvozanatni saqlash uchun siz doim harakatda bo‘lishingiz kerak”.

Juda sodda va oqilona. Hayot haqiqatan ham shunday tuzilganki, siz bir joyda tura olmaysiz. Agar shunday bo‘lguday bo‘lsa, hayotdan va yangi bilimlardan orqada qolasiz, yoki boshqalar sizni quvib o‘tadi. 

“Odamlarga biror bir ko‘nikmani o‘rgatishning oqilona usuli – bu ularga namuna bo‘la olishdir”.

Butun dunyodagi barcha o‘qituvchilar ham shu to‘g‘rida takrorlaydi. Hozirda garchi ba’zi ota-onalarning o‘zlari biror bir martabaga erishmagan bo‘lsa-da, farzandlarini turli xil kurslar, to‘garak va treninglarga joylashtirib qo‘yish rusumga aylanib qolgan. Bola esa hamon ularga qaraydi va aynan shu modellardan nusxa ko‘chirishi aniq. Unga ko‘p sonli to‘garaklar yordam bermaydi.

Eng qiyini  namuna bo‘la olmoq. Chunki xatolarni tan olish kerak bo‘ladi-da. Javobgarlikni esa ko‘p sonli o‘qituvchilarga to‘nkarish oson.

 “Saranjomlik axmoqqa kerak, daho tartibsizlikda boshqaradi”.

Saranjomlik – bu ma’lum narsalarni olib, ularni o‘zingiz tushunadigan tuzilmalarga joylashtirishdir. Agar siz biror bir narsani kashf qilmoqchi bo‘lsangiz, bir tartibda turgan buyum sizga qanday yordam berishi mumkin? Aynan shu sababli olimlar tartibsizlik muhitida ishlashga qodir. Buyuk generallar jarayonni tartibga solib, har bir askarni boshqarishi dargumon bo‘lishini bila turib, qo‘shinlarini jang tartibsizlarida boshqargan.

«Yutishni istasangiz, avvalo o‘ynang»

Afsuski, ko‘pchilik bu oddiygina ko‘rinadigan fikrning tagiga yetib bormaydi. Qancha iste’dodli odamlar o‘zini sinab ko‘rmaganligi tufayli hayotda o‘z o‘rnini topa olmagan. Qancha yozilgan kitoblar stol tagida qolib ketgan…

Shuning uchun – shunchaki o‘tirmang, harakat qilib ko‘ring. O‘z potensialingizni maksimal darajada amalga oshirishingizni chin dildan tilab qolamiz.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.