“Alimentdan shikoyat qilaversang, uysiz ham qolasan!”

Aslida ushbu muammoni tegishli tashkilotlarga xat jo‘natib, elga oshkor qilmasdan ham hal qilish imkoni bor edi. Tahririyatga kelayotgan aksariyat murojaatlar shu yo‘sinda hal etiladi. Bu safargi maktub bir qaraganda oddiygina aliment to‘lamaslik haqda. Bunday murojaatlar doimiylari sirasiga kirib qolgan. Lekin undagi ba’zi fikrlar ko‘pchilikni hushyorlikka tortar degan xayolda parchalar keltiramiz.

“Meni qiz tug‘ding deb har safar kaltaklardi. Hozir to‘rtta qizim bor, ular katta bo‘lib qolishdi. Har zamon kelib qolsa yana kaltaklaydi, qizlarimga ham qo‘l ko‘taradi. ZAGSdan o‘tmaganmiz, hozir boshqa ayolga uylanib oldi, u o‘g‘il tug‘ib beradi, deb. Lekin u ayol ham qizchalik bo‘ldi.

Ruhiy qiynalishlar, kaltaklardan bir necha marta sariq kasalini boshimdan o‘tkazdim, ishga yaramay qoldim. Qizlarim maktabdan ta’til paytlari kunlik ishlaydi. Erim ketib qolganiga sakkiz yil bo‘ldi. Balki o‘ziga kelib qolar, o‘zgarar, deb kutdim. Keyin noiloj alimentga berdim. 2022 yil sud qarori chiqib, har oy to‘rt nafar qizim uchun aliment to‘lashi lozim edi. Shuni ham bir to‘lab, bir to‘lamay kelyapti. Yaqinda bolalarimning otasi “Agar alimentdan shikoyat qilaversang, o‘tirgan uyingdan ham quruq qolasan”, deb dag‘dag‘a qildi. Aslida bu yer qaynonamga tegishli, uy qurishda o‘zimning ota-onam yordam berishdi.

O‘zim kasalmand bo‘lsam, bolalarim hali voyaga yetmagan, shunday bo‘lsayam katta qizim kunlik ishga chiqadi ba’zida. Sizlardan iltimos, aliment pulini o‘z vaqtida undirilishida yordam bering, deb D.R. Urgut tumani, Xo‘jayduq mahallasi.”
Bu oiladagi muammolar: nikoh rasmiylashtirilmaganidan boshlangan. Keyin ketma-ket bolalar tug‘ilgan, ularga tug‘ilganlik guvohnomalari olinmagan. Ayol kaltaklangan, ammo chidab, salomatligiga putur yetkazib, yana farzand ko‘rgan.

TAHRIRIYaTDAN: Mahalla vakillari bilan suhbatlashganimizda Diyoraning “Ayollar daftari”ga kiritilgani, unga mazkur daftarda belgilangan yordam ko‘rsatilgani, farzandlarining tug‘ilganlik haqda guvohnoma olishiga ko‘mak berilgani aytildi. Bu yordamlar hammasi muammolar ko‘zga tashlangandan so‘ng ko‘rsatilgan. Oiladagi vaziyat esa necha yillar davomida chigal bo‘lib kelmoqda. Ungacha bu oila nahotki hech kimning nazariga tushmagan bo‘lsa? XXI asrda ham qiz farzand ko‘ryapsan deb oilasini tashlab ketayotganlar uchrayotgani achinarli albatta.