7 oyda Samarqandda 192 ta korrupsiya va mansabdorlik jinoyatlari sodir etilgan

257 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan

Viloyat hokimligida Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan majlisda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengash a’zolari, boshqarma, tashkilot va muassasalar rahbarlari ishtirok etdi.

Dastlab Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlarning holati hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimida sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar haqida ma’lumot berdi.

- Viloyatda joriy yilning 7 oyi davomida 192 ta korrupsiya va mansabdorlik jinoyatlari sodir etilgan va 257 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan, - dedi N.Umarov. - Bu toifadagi jinoyat ishlari bo‘yicha davlat manfaatlariga 110 milliard so‘m zarar yetkazilgan.

Javobgarlikka tortilgan shaxslarning 156 nafari mol-mulkni talon-toroj qilish, 23 nafari firibgarlik, 14 nafari mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, 13 nafari pora berish va pora olish, 51 nafari boshqa toifadagi korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etgan.

Jinoyatlar sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda, asosan maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, bandlik, oliy ta’lim, bank va ichki ishlar tizimidagi xodimlarning jinoyat sodir etganligini ko‘rish mumkin. Yomoni, maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash va hokimlik tizimida byudjet mablag‘larini talon-toroj qilishning eng keng tarqalgan ko‘rinishi oylik ish haqini ortiqcha hisoblab yozishda namoyon bo‘lgan.

Majlisda bu holatlar tahlil etilib, viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ishlarning holati amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasiga mos kelmasligi, ayrim sohalar hamon eng korrupsiyalashgan sohaligicha qolayotganligi ta’kidlanib, bu jinoyatga qo‘l urayotgan mansabdor shaxslarga nisbatan qattiq jazo qo‘llanilishi zarurligi aytildi.

Tadbirda viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etdi va Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengash hamda huquq-tartibot idoralari rahbarlariga zarur topshiriqlar berdi.