Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Norvegiya elektromobillar soni benzinli mashinalardan oshib ketgan ilk davlatga aylandi

🔹 Yevroparlament Yevropa Ittifoqi davlatlarini Ukrainaning Rossiyaga chuqur zarbalariga qo‘ygan barcha cheklovlarni zudlik bilan bekor qilishga chaqiruvchi rezolyusiyani qabul qildi.

🔹 Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev Rossiya bilan urushda g‘alaba qozonish rejasi ustida ishlashni yakunlaganini aytdi. Zelenskiy, uning rejasi mojaroni hech qanday shaklda muzlatishni nazarda tutmasligini ta’kidlagan.

🔹 Kecha Moskva markazida Honor-70 telefoni erkakning qo‘lida portlab ketgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u qo‘lidan yaralangan, biroq shifokorlarni kutmay, noma’lum tomonga g‘oyib bo‘lgan. Razvedka xizmati jarohatlangan kishini qidirmoqda, telefon esa Yaqin Sharq bozorida Mossad almashtirgan uskunalar partiyasidan emasligini tekshirish uchun mutaxassislarga berilgan.

🔹 Isroil o‘zining harbiy harakatlarining "asosiy markazini" shimolga, Livan bilan chegaraga siljitmoqda. Bu urushning yangi bosqichidan darak deyilmoqda.

🔹 Isroil portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan peyjerlarni ishlab chiqarish uchun soxta kompaniya yaratgan va keyinchalik ular Livanga yetkazilgan. Bu haqda The Wall Street Journal nashri ma’lum qildi. Pentagon rahbari Lloyd Ostin Isroilning Livanda Hizbulloh guruhiga qarshi quruqlikdagi operatsiyasini boshlashi mumkinligidan xavotir bildirdi.

🔹 Livanda portlashlarning yangi to‘lqini qurbonlari oshmoqda, 20 kishi halok bo‘lgan, 460 kishi yaralangan. Bu safar radio, telefon, barmoq izlari qurilmalari, quyosh batareyalari va litiy-ionli batareyalardan quvvat oladigan qurilmalar portlagan.

🔹 Kim Chen In yangi "super-katta" raketani uchirishda qatnashdi. Bu safargi sinovdan maqsad o‘ta yirik kallakka ega raketaning 320 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonga tegishi aniqligini tasdiqlashda bo‘lgan.

🔹 Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol KXDR va Rossiya, agar ikki davlatning harakatlari Seul uchun qandaydir xavf tug‘dirsa, jiddiy oqibatlariga duch kelishini aytdi. Iyunda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Pxenyanga tashrifi chog‘ida Rossiya va KXDR mudofaa urushi boshlangan taqdirda zudlik bilan harbiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi keng qamrovli strategik sheriklik bitimi imzolagan edi.

🔹 Kamala Xarris saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashi bo‘yicha saylovdagi raqibi Trampdan ikki foiz yuqori. Mamlakatda prezidentlik saylovlari 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

🔹 Norvegiya elektromobillar soni benzinli mashinalardan oshib ketgan ilk davlatga aylandi. Qayd etilishicha, Norvegiyada 2024 yilning sentyabr holatiga ko‘ra ro‘yxatga olingan 2,8 million yengil avtomobildan 754 303 tasi elektromobil va 753 905 tasi benzinli avtomobillardir.