Alisher Navoiy onasi to‘g‘risida kam yozgan, ammo Suyima G‘aniyeva bu muhtarama zot haqida kitob yaratgan

Samarqand davlat universitetida 3 fevral kuni buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Qahramoni, professor Suyima G‘aniyeva xotirasiga bag‘ishlangan “Navoiyshunos olima siymosi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tadi.

Ushbu maqolada ana shu atoqli navoiyshunos hayoti va faoliyati tahlil etilgan.

Bugungi kunda Alisher Navoiy shaxsiyati va ijodiga bo‘lgan munosabat har doimgidan-da dolzarblik kasb etmoqda. Barkamollikka burkangan ulug‘ insonlar nafaqat zamondoshlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan, balki barcha zamonlarda ma’naviyat va ma’rifatning taraqqiyot negizi bo‘lib xizmat qilgan. Alisher Navoiy ijodini butun dunyoda mohiyati va ahamiyatini tadbig‘i va tadqiqi bilan shug‘ullanish yaqin kunlarda «Navoiyshunoslik» sohasiga tamal toshini qo‘yish bu soha tashakkulining oltin varaqlariga aylandi. Quvonarlisi, buyuk shoir siymosiga yuksak ehtiromlarini barcha tadqiqotlarida turli munosabatlar bilan ifoda etib kelish bilan bir qatorda, navoiyshunoslik sohasida zahmat chekayotgan olimu shoirlar, san’atkorlar hamda madaniyatning boshqa sohalari vakillari shoir ma’rifat nuridan ingan ziyo kabi qadr-qimmat topib kelmoqdalar. Navoiy olamiga nazar solib uning qanchalik ulug‘ligiga amin bo‘lmaylik, uni tadqiq etish, anglash va anglatish ilmi ham shunchalik buyukdir. Mana shunday mashaqqatli yo‘lda o‘zini nisor qilgan qalb ko‘zi Navoiynigina ko‘ra oladigan, amali navoiyshunoslik va uning milliy adabiyotimizdagi ahamiyatigagina bag‘ishlangan olima - Suyima G‘aniyevadir.

Suyima G‘aniyeva 1932 yili Alisher Navoiy tavallud topgan oyda, ya’ni 20 fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 23 yoshida Leningrad davlat universitetida professor Nikolay Boldirev rahbarligida Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” asari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Mingdan ortiq ilmiy maqola, o‘nlab monografiya, darslik, o‘quv qo‘llanma va risolalar muallifi bo‘lgan Suyima opaning ilmiy xulosalari va kuzatuvlari nafaqat respublikamizda, balki jahon olimlari tomonidan e’tirof etib kelinmoqda. Suyima opaning xizmatlari munosib qadrlandi. Olima Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, “Buyuk xizmatlari uchun” hamda “Fidokorona mehnatlari uchun” ordenlari sohibasi. 2015 yilda mustaqilligimizning 24 yillik bayrami munosabati bilan Suyima G‘aniyeva davlatimizning eng oliy unvoni – “O‘zbekiston Qahramoni” va “Oltin Yulduz” nishoni bilan taqdirlandilar.

Olima Alisher Navoiy ijodini tadqiqi yo‘lida ko‘pgina ishlarni jahon miqyosida amalga oshirdi. Biz, olima tadqiqotlarida go‘yo navoiyxonlik alifbosini yaratdi. Ushbu tadqiqotlar orqali Nizomiddin Mir Alisher Navoiy asarlari tavsifi, ta’rifi, tarkibi va mohiyati bilan tanishdik. «Navoiyning dastxati» orqali shoirimiz shaxsiyati bilan ro‘baro‘ bo‘ldik. 1991 yilda olima bu topilma haqida o‘rtoqlashib, shunday mas’uliyat yuklaydi: «Joriy yilning 7 iyun kuni Navoiy dastxatining mikrofilmi Toshkentga olib kelindi. Navoiy mikrofilmidan shoir muhrining kattalashtirilgan rasmi olingach, undagi so‘zlarni aniqlash imkoni yaratildi va quyidagicha o‘qildi: “Kun fi-d-dunyo kaanaka g‘aribun av obiru sabilin al-faqir Alisher” (ya’ni, Sen dunyoda g‘aribdek yoki musofirdek yashagil, faqir Alisher). Alisher Navoiy dastxatining topilishi, shaxsiy muhrining aniqlanishi, o‘zbek madaniyati tarixida, xususan, navoiyshunoslikda katta voqeadir. Bu topilma shuni ko‘rsatadiki, Navoiy hayoti va ijodiyoti bilan bog‘liq izlanishlarni yanada faol tarzda davom ettirishimiz kerak». Ulug‘ Navoiyning tug‘ilganidan boshlab to vafotiga qadar bo‘lgan tafsilotlar olima izlanishlari, suhbatlari va xulosalarida mana shunday zalvorli aks etdi.

Adabiyotshunos olim, akademik Aziz Qayumov ham Navoiyni tadqiq etish jarayonida juda ko‘p bora Suyima G‘aniyeva suhbatlariga tayanadilar. Bir xotiralarini shunday yodga oladilar: «2008 yil 25 mart kuni men Toshkentda qadrli do‘stim va hamkasabam, Navoiy hayoti va ijodi bo‘yicha ko‘p samarali ilmiy tadqiqotlar yaratgan mashhur olima, professor Suyimaxon G‘aniyeva bilan suhbatda Navoiyning onasi to‘g‘risida fikr almashdim. Suyimaxon Navoiy o‘z asarlarida onasi to‘g‘risida kam ma’lumot berganini qayd etdilar. Lekin bu ayolning Abu Said Changiyning qizi ekanini aytdilar. Bu kishi Kobul shahrida amirlardan bo‘lgan. U adabiyot va san’atni, uning ahlini juda sevar, o‘zi ham musiqiy ilmidan yaxshi mahorat kasb etgan ekan».

Navoiyning padari buzrukvori G‘iyosiddin bilan bog‘liq bir voqea tasviri esa Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” kitobida keltirilgan. Shoirning otasi ham rahmdil, muhtojlarga yordam bermoqqa tayyor bir kishi bo‘lgan. Demak, Alisher siymosidagi insonlarga mehru muhabbat tomirlari shu asosda ham yuzaga kelganiga shubha bo‘lmasa kerak.

Alisherni to‘rt yoshida o‘qishga berganlar. U olti yoshda Qur’onni o‘rgangan, bolalik yillariyoq mashhur “Qushlar mantiqi” nomli dostonni yodlab olganini o‘zi yozgan. Shunga diqqat qilmoq kerakki, Qur’on arab tilida, “Qushlar mantiqi” dostoni fors tilida yozilgan. Alisherning ona tili esa turkiy (eski o‘zbek tilini u vaqtlarda shunday deb ataganlar) edi. Demak, Alisher juda yoshlik vaqtlaridayoq ona tilidan tashqari arab va fors tillarini chuqur o‘rgana boshladi va bu sohada ma’lum natijalarga erishdi.

G‘iyosiddin Bahodirning uyida shoirlar, san’at arboblari tez-tez yig‘ilib turar, bu yerda adabiy suhbatlar o‘tar, san’at ustalari o‘z mahoratlarini namoyish etar edilar. Alisher bolalik chog‘laridan shu muhitda o‘sgan. Anchagina she’rlarni yodga olgan edi. Shu yo‘sinda shoir, davlat arbobi, komil fazilatli mutafakkir shoir shakllangan.

Prezidentimiz millatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlar tarbiyasida bobokalonimiz Alisher Navoiyning ahamiyatini davlat maqomida e’tirof etib quyidagicha murojaat etdilar: «Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozim».

Darhaqiqat, bu zotlar bizning boy tariximiz, o‘zligimiz, ildizimiz. Bugungi kunda yoshlarimiz, ayniqsa, kelajak beshigini tebratuvchi qizlarimiz ta’lim-tarbiyasiga Suyima G‘aniyeva ibratini, ilmi, madaniyatini misol qiladigan bo‘lsak, albatta Navoiyni anglagan, o‘qigan, Navoiy ko‘zi bilan dunyoga nigoh tashlagan kelajak avlod albatta o‘zbek xalqimizni dunyoga Navoiy siymosi bilan gavdalantiradi.

Sharofat To‘xliyeva,

SamDU rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, dotsent.

Badia Muhiddinova,

SamDU dotsenti.