Samarqandda o‘rmonchilik sohasida qanday ishlar qilinyapti?

Samarqand davlat o‘rmon xo‘jaligi viloyatdagi eng yirik tabiiy resurslarga ega tashkilotlardan biri bo‘lib, 10 ming 686,4 gektar yer maydonini egallagan. Xo‘jalik Samarqand, Past Darg‘om, Jomboy, Toyloq, Oqdaryo va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida joylashgan bo‘lib, tarkibida 5 ta bo‘lim va 10 ta o‘rmon xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda.
Samarqand davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan Toyloq tumanidagi "Elipok" o‘rmon bo‘limida tashkil etilgan press-turda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlik ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida jamoatchilik va OAV vakillariga batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, hozirgi paytda o‘rmon bilan qoplangan umumiy yer maydoni 11 ming gektar, 166,74 gektar maydonda ko‘chatxonalar tashkil etilgan. 2024 yil uchun rejalashtirilgan 900 gektar o‘rmon fondi yeridan 993,5 gektar maydon o‘zlashtirilgan. 2025 yil uchun 990 gektar reja belgilangan bo‘lib, hozircha 271 gektar yer o‘zlashtirilgan.
Shu bilan birga, yerlarni xususiy sektorga ijaraga berish jarayonlari ham olib borilmoqda. 2024 yilda 2800 gektar yer maydonini ijaraga berish belgilangan bo‘lsa-da, ayni paytgacha 47 gektar yer ijaraga berilgan. 2025 yil uchun ham xuddi shunday miqdorda topshiriq belgilangan, ammo hozircha faqat 18,71 gektar yer ijaraga berilgan. Bu ko‘rsatkichning pastligi, avvalo, ijara jarayonining E-auksion elektron tizimi orqali amalga oshirilayotgani bilan bog‘liq.
- Hozirgi kunda xo‘jalikda 82 nafar mutaxassis faoliyat yuritmoqda, zarur texnika va ko‘chatlar zaxirasi mavjud, - deydi Samarqand davlat o‘rmon xo‘jaligi bosh o‘rmonbegi Mansur Yoqubov. - Prezidentimizning 2020 yil 6 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, 2021–2030 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida xo‘jalikda tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, foydalanilmayotgan 904,5 gektar o‘rmon fondi yerlarini samarali foydalanish maqsadida ijara asosida 601 nafar kambag‘al oilaga taqdim etish belgilangan. Joriy yilning birinchi choragida 139 gektar yer 146 nafar ehtiyojmand oilaga ajratildi. Shuningdek, o‘rmon xo‘jaligida qog‘oz ishlab chiqarishda foydalaniladigan Brussonetiya (qog‘oz daraxti)ni ekish bo‘yicha pilot loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xitoydan olib kelingan 4200 dona ko‘chat 14 gektar maydonga, jumladan, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, Paxtachi va Past Darg‘omdagi o‘rmon xo‘jaliklariga ekilgan. "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida 21 gektar maydonda 1 million 685 ming tup ko‘chat va nihollar zaxirasi yaratilgan. Shuningdek, chiqindilarni samarali boshqarish maqsadida maxsus konteynerlar o‘rnatilib, “Toza hudud” DUK bilan hamkorlikda chiqindilarni olib chiqish tashkil etilgan.
Toyloq tumanidagi "Elipok" o‘rmon bo‘limiga aholi bandligini ta’minlash, ko‘kalamzorlashtirish va dorivor o‘simliklar yetishtirish maqsadida 260 gektar yer maydoni ajratilgan.
– Xo‘jaligimizda 20 gektar maydonda ko‘chatchilik yo‘lga qo‘yilgan, – deydi xo‘jalik o‘rmonchisi Yodgor Eshonqulov. – Katalpa, qayrog‘och, dub, zarang, safora, Qrim qarag‘ayi kabi manzarali va noyob daraxtlar, shuningdek, lavanda, pavlovniya, na’matak kabi dorivor o‘simliklar yetishtirilyapti. Kelgusi yildan boshlab 30 gektar maydonda ko‘chat yetishtirish rejalashtirilgan.
Samarqand davlat o‘rmon xo‘jaligi faqatgina ko‘kalamzorlashtirish bilan cheklanib qolmasdan, balki iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, ekologik xavfsizlikni oshirishga xizmat qiluvchi muhim vazifalarni ham bajarmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi islohotlar viloyatda yashil makonlarni kengaytirish va tabiiy resurslarni muhofaza qilishda muhim bosqich hisoblanadi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.