Zamonaviy muassasada milliy ta’lim-tarbiya

Avval xabar qilganimizdek, Samarqand tumanidagi O‘zbekkenti mahallasida xususiy maktab va bog‘cha ishga tushdi.

Bu ta’lim tarbiya maskanlarining ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev, tuman hokimi Sirojiddin Usmonov, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev so‘zga chiqib, muassasalar faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

- “Registon ta’lim” loyihasi, dastlab 2014 yilda o‘quv markaz faoliyati bilan boshlangan, - deydi maktabning ijrochi direktori Shohruh Otaqulov. – Bugungi kunda 5 ta xususiy maktabimiz bor. 3 tasi Toshkentda, biri Farg‘onada va yana biri yaqinda Samarqandda ish boshladi. Bu yerdagi “Registon lyceum” xususiy maktabi 1100 o‘rinli bo‘lsa, “Registon bog‘chasi” xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti 300 nafar bolani qamrab oladi.

Maktabimiz uch bo‘limdan iborat, - deydi boshlang‘ich ta’lim bo‘limi direktori Dilafro‘z To‘qsonova. – Boshlang‘ich ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim va yuqori 9-, 10- va 11-sinflar, ya’ni litsey shaklidagi bo‘limlar. Maktabimiz xalqaro ta’lim standartlariga moslashtirilgan bo‘lib, IT, matematika, ingliz, rus va arab tillari chuqurlashtirib o‘rgatiladi.

- Men Qorasuv mahallasida yashayman, - deydi Shuhrat Boboyorov. – Qizimni “Registon” xususiy bog‘chasiga berdim. Qizimga birinchi kundan bog‘cha juda yoqib qoldi. Bog‘chada bolaga kreativ fikrlash o‘rgatilar ekan. Bog‘chadagi zamonaviy shart-sharoitlar hamma ota-onalarga birdek manzur bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Muassasada bolaning o‘sishi va rivojida muhim bo‘lgan aqliy, ruhiy, jismoniy jihatlarni birdek uyg‘unlikda qamrab oladigan, ta’lim va tarbiyani zanjirli bog‘laydigan dastur asosida ish olib boriladi. Bu dastur ikki yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar uchun maxsus tuzib chiqilgan.

To‘lqin SIDDIQOV,

Dilnoza AHMADOVA,

Baxtiyor MUSTANOV (foto+video).

#Reklama