Alizoda xotirasi yodga olindi

 

Said Rizo Alizoda fidoyi jadidlar qatorida milliy matbuotimiz tamal toshini qo‘yganlardan biri, ma’rifatparvar, shoir, tarjimon. U o‘tgan asrning 30-yillarida qatag‘on siyosatining qurboni bo‘lgan va Vladimir turmasida umrining oxirgi lahzasigacha yozishdan, ilm olishdan to‘xtamagan.

Alizoda millat ozodligini, erkin kunlarni istab yashagan, kurashgan. Shu bois nomi oqlangan, millat fidoyisi. Nevarasi Farhod Alizodaning jonkuyarligi tufayli Said Rizo Alizodaning asarlari topildi, uy-muzeyi tashkil etildi va uning hoki Samarqand shahriga keltirildi.

Bugun - 2 noyabr kuni Samarqand shahridagi «Panjob» qabristonida Samarqand viloyati jamoatchiligi, olimlar, yozuvchi va tadqiqotchilar Said Rizo Alizodaning ramziy qabriga uning byustini o‘rnatilishi munosabati bilan tashkil etilgan xotira tadbirida ishtirok etdi.

Samarqand viloyati hokimining yordamchisi N.Ibragimov, yozuvchi va publitsistlar S.Umirov va N.Rahmat, Said Rizo Alizoda nevarasi F.Alizoda, tadqiqotchi Z.Hasanova to‘planganlarga Alizoda ibrati xususida gapirdilar.

– Vatanimiz ozodligi yo‘lida jonini fido qilganlar xotirasini abadiylashtirish, ularning xalq va Vatan kelajagi yo‘lidagi jasorati haqida yosh avlodga ta’sirchan ma’lumotlar yetkazish eng muhim vazifa sanaladi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Saydi Umirov. – Bu borada  Said Rizo Alizodadek ma’rifatparvar, xalqparvarlarning el-yurt ozodligi, xalqni ma’rifatli qilish borasidagi zahmatli mehnati yoshlarga ibrat. Alizoda ijodi va uning asarlari haqida kitoblar chop etilsa, ma’rifatparvar qoldirgan adabiy merosni yoshlarga o‘rgatishda qo‘l kelar edi.

Adham HAYITOV.