Alkogol mahsulotlarining noqonuniy savdosi fosh etildi

Bu holat Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand shahar bo‘limi va shahar IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.
Tadbir davomida shahardagi “I.” MChJga qarashli savdo do‘konida 33 turdagi 1 306 dona sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan va qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari sotuvga qo‘yilganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.