Allergolog: allergiyani davolovchi mutaxassis kam edi
Birgina astmadan dunyo miqyosida 200 million kishi aziyat chekadi. Yuz minglab kishilar shu xastalikdan vafot etadi. Oziq-ovqat allergiyasi ham juda ko‘p tarqalgan bo‘lib, undan dunyo miqyosida 520 million kishi aziyat chekarkan.
Ushbu xastalikka chalinganlar yurtimizda ham yildan-yilga ko‘payib borayotir. Yaqinda Prezidentimizning "Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarori e’lon qilindi. Xo‘sh, ushbu qaror xastalikni davolashda qanday imkoniyatlarni beradi?
Avvalo, shuni aytish kerakki, yurtimizda allergik xastaliklarni qo‘zg‘atuvchi omillar ko‘p. Juda keng tarqalgani iqlimimizning nisbatan quruqligi bilan bog‘liq. Bizda daraxtlar mart oyida gullashni boshlab, avgustga qadar davom etadi. Bu o‘z navbatida allergik xastaliklarning avj olishiga ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, kasallik bilan chalinishga irsiy sabablar ham bor. Dori-darmonni noratsional qo‘llash, urbanizatsiya, sanoatning rivojlanishi, oziq-ovqatlardagi turli kimyoviy qo‘shimchalar – allergiyani keltirib chiqaradigan sabablarning yuzdan biri. Bu esa uni aniqlash va tegishli tashxis qo‘yishda o‘ziga xos murakkabliklarni keltirib chiqaradi.
Bundan bir necha o‘n yillar avval har bir tuman, shahar shifoxonalarida allergolog mutaxassislar faoliyat ko‘rsatardi. Har biri o‘z hududi bo‘yicha mazkur xastalik monitoringini olib borar, uning sabablari o‘rganilardi. Ammo keyingi yillarda bu shtat qisqarib ketdi. Natijada mutaxassislar ham kamayib, hududlarda kasallikni o‘tkazib yuborib shifokorga murojaat qiluvchilar ko‘paydi. Allergolog mutaxassislar kam, deb aytolmayman. Har yili Samarqand davlat tibbiyot institutini besh nafargacha mutaxassis allergologiya yo‘nalishida bitiradi. Ammo shtatlarning kamligi mutaxassisning o‘z yo‘nalishida ishlashiga ta’sir ko‘rsatadi. Prezidentimizning qarori sohada tub o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Unga ko‘ra, allergik kasalliklarni erta aniqlash uchun 18 yoshga to‘lmagan va xavf ostida bo‘lgan bolalarni 2019 yil 1 yanvardan 1 iyulgacha tekshirish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi o‘tkaziladi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida tibbiy xizmat ko‘rsatish hajmini nazarda tutuvchi allergologiya yo‘nalishida tibbiy yordam ko‘rsatish tartibini, mutaxassislarning funksional vazifalarini belgilagan holda allergologiya xonasi va bo‘limini jihozlash nazarda tutilgan. Bu yuqorida ta’kidlaganimday, allergik kasalliklarni o‘z vaqtida, joyida davolash imkonini beradi.
Qarorda belgilangan muhim jihatlardan yana biri Fanlar akademiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda allergen o‘simliklar changi to‘planishini kuzatishni va muayyan hududda allergiya patologiyasi bilan kasallangan bemorlarni xabardor qilishni nazarda tutadigan aerobiologik monitoring tizimini yaratilishidir.
Ne’matilla ARALOV,
tibbiyot fanlari doktori, viloyat bosh allergologi.