"A’lo ta’til" loyihasi endi bayramlar munosabati bilan beriladigan dam olish kunlarida ham o‘tkaziladi
"A’lo ta’til" dam olish va ijod oromgohining II mavsumi e’lon qilingani haqida xabar qiladi uzedu.uz sayti.
Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “Kamalak“ bolalar tashkiloti hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan “A’lo ta’til“ loyihasi Respublika hamda xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalari, tanlov va festivallarda yutuqlarga erishib kelayotgan iqtidorli bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilmoqda. Xususan, mazkur loyiha fanlarni a’lo o‘zlashtirayotgan, iqtidorli bolalar uchun boshqa tengdoshlari bilan tajriba almashishlari uchun umumiy muloqot maydonlarini yaratadi. Bolalarni kasb-hunarga yo‘naltirib, ularning qiziqishlarini rivojlantiradi.
Qolaversa, o‘g‘il-qizlarda liderlik, tahliliy va tanqidiy tafakkurni, vaqtni boshqarish hamda maqsadlarni belgilash, zamonaviy shaxs va ko‘nikmalarni shakllantiradi. E’tiborlisi, profilaktik ro‘yxatda turuvchi o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini va o‘quv motivatsiyasini oshirib, ularning jamiyatga ijtimoiy-psixologik moslashuvini tashkil etishga ko‘maklashadi. Shu boisdan ham mazkur loyiha bolalarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, “Kamalak” bolalar tashkilotining nufuzini bolalar o‘rtasida oshirish va sardorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida uyushqoqlik bilan tashkil etib kelinmoqda.
“A’lo ta’til“ loyihasining II mavsumi joriy yilning 5-9 mart kunlari Surxondaryo viloyati, Termiz shahrida joylashgan “O‘zbekiston yoshlar ittifoqining xalqaro yoshlar oromgohi”da bo‘lib o‘tadi. Loyihada respublika bo‘yicha 10-16 yoshdagi o‘quvchilar qo‘yidagi tavsiflar bo‘yicha ishtirok etishlari mumkin:
xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari;
fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirgan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari;
fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirgan sinf, maktab sardorlar kengashi a’zolari;
fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirgan sardor bo‘lmagan o‘quvchilar;
profilaktik ro‘yxatda turuvchi (tarbiyasi yaxshi tomonga o‘zgarayotgan) o‘quvchilar.
Respublika va xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari, profilaktik ro‘yxatda turuvchi (tarbiyasi yaxshi tomonga o‘zgarayotgan) o‘quvchilar va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari (fanlarni a’lo o‘zlashtirayotgan) 84 nafar o‘quvchilar Xalq ta’limi vazirligi orqali shakllantirilgan ro‘yxat asosida, Fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirgan sinf, maktab sardorlar kengashi a’zolari, Fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirgan sardor bo‘lmagan 98 nafar o‘quvchilar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tanlov asosida saralangan holda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
II mavsumda 182 nafar o‘quvchi-yoshlar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.