Qo‘shrabotda 24 kun
Bu yilgi mehnat ta’tilimni Qo‘shrabotdagi uyimizda o‘tkazdim. Boshlanishi yaxshi boshlandi. 30 kishilik to‘yda qatnashdim. Soy yoqalab sayr qildim. Ta’tilning ikkinchi yarmida karantin talablari kuchaytirilib, uyda qoldim.
Yaxshiliq amakining hovlisida o‘tgan to‘y unutilmas bo‘ldi
Qishlog‘imizda hovlilar to‘y ko‘rmaganiga o‘n yillar bo‘lgandi. Karantin sabab o‘g‘il uylantiradimi, qiz chiqaradimi har kim to‘yini hovlisida ixchamgina qilib o‘tkazadigan bo‘ldi.
Iyun oyining boshida bir mahallada kuniga o‘nlab hovlilarda to‘ylar nishonlandi, desam ishonavering. Toshbuloq qishlog‘ida Yaxshiliq amakining kenja o‘g‘li ham uylandi. U shu farzandining to‘yini hovlida, dabdabali qilib o‘tkazishni orzu qilardi. Kampiri Saida ayaning qon bosimi tez-tez ko‘tarilavergach, ’’ko‘zim ochiqligida to‘y qilib qolaylik’’, degan qistovi bilan amaki qilgan orzu qisman amalga oshdi. Hovlida o‘tgan to‘y dabdabali emas, 30 kishilik bazm tarzida tashkil etildi.
Yaqin qarindoshlar bilan nishonlangan bu shodiyona qatnashganlarning barchasini birdek xursand qildi. Tumanda taniqli bo‘lgan Hasan degan san’atkor musiqa va ovoz kuchaytirgich apparatlarini o‘rnatib, qo‘shiq aytish, hatto boshlovchilikni ham epladi. Xohlaganlar dildan suhbat qildi, boshqalar o‘yin-kulgi.
- Bo‘larkanku, - dedi Yaxshiliq amakiga kampiri to‘y tugagach. - Odamlar marosimlar ixchamlashyapti, 200 kishilik to‘y bo‘ladigan bo‘lsa, yaqin qarindoshlarni taklif qilsak ham 500 dan kam bo‘lmas ekan, derdi. Qarang-a, qudalaru o‘zimizning qarindoshlar 30 kishidan oshmay bir to‘yni o‘tkazdik.
- Hech bir qarindosh o‘pka-ginayam qilmadi, - dedi Yaxshiliq amaki. - Telefon orqali tabriklab qo‘yaqoldi. Bunday to‘yning o‘y-tashvishi ham kam bo‘larkan.
Yaxshiliq amaki yillar davomida yig‘ib kelayotgan, katta to‘yga sarflanishi kerak bo‘lgan mablag‘i ham iqtisod bo‘ldi. Shu pulga Saida ayani «kattaroq do‘xtir»ga ko‘rsatadigan, o‘g‘liga mashina olib beradigan bo‘ldi.
Buloqboshidagi buloqlar qurib qolibdi
Bir kuni kech payti soy bo‘yiga tushdim. Uyimiz yaqinida bolaligimdagi sho‘xliklarimga guvoh bo‘lgan soy bugun ko‘rimsiz, karantindan zerikkandek go‘yo. Bu yerdan 2-3 kilometr uzoqlikda joylashgan Buloqboshi qishlog‘idagi buloqlardan boshlanadigan, shoshib oqadigan soyning shashti ancha pasaygan. Soy bo‘ylab Buloqboshi qishlog‘i tomonga yura boshladim. Tezda soyning boshiga yetdim. Bu soy endi Ko‘ztamg‘ali qishlog‘idan boshlanadigan bo‘libdi. Buloqboshi qishlog‘idagi buloqlar qurib qolibdi. Endi bu qishloq nomini Ko‘ztamg‘ali bilan almashsa bo‘larkan, degan xayol bilan ortga qaytdim.
Bugungi kunda tuman aholisining aksariyati iste’mol uchun ham, ekin-tikin uchun ham artezian quduqlari qazib yer osti suvlaridan foydalanmoqda. Shu sabab ham Buloqboshidagi buloqlar qurib qolmadimikan?
Ko‘lni ko‘rib ko‘nglim ko‘tarildi
Soy yoqasida katta bir ko‘l bor. Bu ko‘lga hech qayerdan suv kirib kelmaydi, aksincha undan chiqqan suv soyga qo‘shiladi. Bu ko‘l uning tubidan qaynab chiqayotgan minglab buloqlarning suvidan tashkil topgan.
Bolaligimizda rosa maza qilib cho‘milardik. Qayiqlar bor edi. Ko‘l yaqinidagi istirohat bog‘i, bolalar oromgohi, yozgi kinoteatrlar, yana bir kichik ko‘l va uning ustidagi kafe Qo‘shrabotning ko‘rki edi. Hozir birgina katta ko‘ldan boshqa hech narsa qolmagan. Oromgoh va istirohat bog‘ining izi ham yo‘q. Boriga shukur. Bolalik xotiralarimni uyg‘otib turadigan shu ko‘lni ko‘rib ko‘nglim ko‘tarildi. Bunda ikki xil ma’no bor: biri quyosh botgach, ufqning qizarib turishi va uning ko‘ldagi aksini ko‘rib ko‘nglimning tog‘dek ko‘tarilishi bo‘lsa, yana biri ko‘lning balchiq va chiqindilar bilan to‘lib borayotgani hamda undan taralayotgan badbo‘y hiddan ko‘ngil aynishi ma’nosidadir.
Chindan ham shu kunlarda ko‘lning ahvoli ancha og‘irlashibdi. Bir paytlar suvi tip-tiniq edi. Buloqlardan qaynab chiqayotgan suv ko‘l tubidan yuza qismigacha yaqqol ko‘rinib, sezilib turardi. Bugungi kunda balchiq va chiqindilar qoplab borayotganidan “ko‘zlari yumilayotgan” buloqlar va ular bilan “tirik” bo‘lgan ko‘l ko‘makka muhtoj. Bu haqda shu yerliklar bir necha bor “yuqori”ga murojaat qilganligi sabab, gazeta va televideniye orqali berilgan tanqidiy materiallardan so‘ng ancha “mashhur” bo‘lib qolgan ko‘lga hozircha yordam qo‘lini cho‘zadigan tadbirkor topilmabdi.
Ammo bu ko‘l tozalansa, yana minglab buloqlar ko‘z ochardi. Atrofga taralayotgan yoqimsiz hid yo‘qolib, havoning musaffoligi ta’minlanardi. To‘g‘ri, bunga ancha mablag‘ hamda vaqt talab qilinadi. Umid qilamizki, tez orada ishbilarmon, tashabbuskor tadbirkorlar bu yerni obod qiladi. Ajabmas, yaqin kelajakda bu joy ajoyib bir turistik maskanga aylansa. Chunki ko‘l va atrofida ana shunday maskan qilish uchun sharoit bor.
“Sen bir daraxt, men bir daraxt...”
Ko‘l yoqasida bir tabiat mo‘jizasiga duch keldim.
Bir katta ko‘kterak daraxti yonidan boshqa bir ko‘kterak o‘sib chiqqan va ikki daraxt tanasi ikki metrdan keyin qo‘shilib ketgan. Buni ko‘rib bir paytlar mashhur bo‘lgan “Sen bir daraxt, men bir daraxt - bir-biriga intizor”, deb aytiladigan qo‘shiq yodimga tushdi. Ammo bu ikki daraxt bir-biriga intizor emas, birlashib, bir tanu bir jon bo‘lib ko‘kka bo‘y cho‘zmoqda.
Koronavirus tog‘lar orasiga ham yetib boribdi
Juma, shanba va yakshanba kunlari maxsus mashinada ovoz kuchaytirgich orqali uyda qolishni targ‘ib qilayotgan ichki ishlar xodimlarining ko‘chamizdan o‘tib-qaytishlari bir tarafdan kishiga xotirjamlik bag‘ishlasa, yana bir tomondan ko‘ngilga sovuqlik olib keladi.
Mamlakatimizga koronavirus infeksiyasi kirib kelib, karantin e’lon qilingan paytlarda va yaqin kunlargacha qo‘shrabotliklar «Biz yashaydigan qirlar va tog‘lar orasidagi qishloqlarga gaz bilan elektr energiyasi yetib kelmaganda koronavirusga yo‘l bo‘lsin», deb hazil qilishardi.
Tuman va shaharlar “yashil”, “qizil” va “sariq” toifadagi hududlarga ajratilganda ham bu tuman uzoq vaqt “yashil hudud” bo‘lib keldi. Mutasaddilar tomonidan bu ko‘rinmas “yov” tumanga kirib borishining oldini olish maqsadida zarur choralar ko‘rildi. Shunga qaramasdan, infeksiya tog‘lar orasidagi Qo‘shrabotga ham kirib boribdi.
Mahallamizda tarqalgan mish-mishlar rost ekanligini tuman hokimining ijtimoiy tarmoqlar orqali aholiga qilgan murojaatida berilgan ma’lumotlar isbotladi. Afsuski, koronavirus degan balo havosi musaffo bo‘lgan, qir-adirlar, tog‘lar bag‘riga ham yetib borarkan. Shuning uchun har kim qaysi hudud va qanday sharoitda yashashidan qat’iy nazar ogoh bo‘lishi, o‘zini va yaqinlarini ehtiyot qilishi talab etiladi.
«Uzum-olma»dan tatib ko‘ring
Bu yilgi mehnat ta’tilim biroz og‘ir kechgan bo‘lsa-da nolimayman. Ko‘proq vaqtim hovlimizdagi 3 sotix tomorqaga ekilgan meva-sabzavotlar hamda gullarning parvarishi bilan shug‘ullandim.
Ayniqsa, 1989 yilda akam bilan birga ekkan olma daraxtidagi hosilni ko‘rib ko‘zim quvnadi. Ikki yilda bir marta mo‘l hosil beradigan bu olmaning navi fanda qanday atalishini bilmaymanu, ammo biz oilamiz bilan uni “uzum-olma” deb ataymiz. Sababi, olmalar novdada xuddi uzumdek g‘uj-g‘uj bo‘lib yetishadi. O‘zi olma bo‘lsa-da, uzum kabi sersuv va xushta’m. Kelsangiz, bir tatib ko‘rib, ta’miga o‘zingiiz baho berardingiz…
Oyning o‘n beshi yorug‘...
Karantin davriga to‘g‘ri kelgan mehnat ta’tili ham ko‘z yumib ochguncha o‘tdi-ketdi. Aslida Qo‘shrabotda o‘tgan 24 kun ichida tuman bo‘ylab sayohat, mo‘’jizalarga boy diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilishni, yangiliklar va o‘zgarishlarni ko‘zdan kechirish va ularni qog‘ozga tushirishni niyat qilgandim.
Qo‘shrabotdan Samarqandga qaytar ekanman, o‘tayotgan har bir daqiqa g‘animatligi, undan samarali foydalanmasak, bugun bor narsa ertaga bo‘lmasligi mumkinligi xayolimdan takror-takror o‘taverdi. Sinovli kunlar ham tez orada o‘tib, Qo‘shrabot haqida qiziqarli xabar va yangiliklarni sizga yetkazaman, albatta. Ishonamanki, yorug‘ kunlar oldinda!
To‘lqin SIDDIQ.