Amerika orzusi: Hashamat uchun qochqinlikni istayotganlar
Bir necha davlatdan so‘ng Meksika, undan so‘ng turli chakalakzorlaru botqoqliklar, daryo kechib o‘tishga intilish – bugun bu sayohat safari emas, Amerikaga borish usullaridan biri sifatida talqin etilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli videolavhalar bunday voqeliklarning o‘ndan birinigina ifodalab beryapti. Bu safarlarda ne qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazayotgan yurtdoshlarimiz ma’lum muddat maqsadlariga yetib, o‘zlari istagan “sehrli diyor”ga erishib borar, ishga joylashar. Ammo unday bo‘lmasa-chi? Nega ko‘pchilik bir necha o‘n ming AQSh dollari evaziga noma’lum hayotni tanlamoqda?
Afsuski, Amerikaga noqonuniy jo‘natish bilan shug‘ullanuvchi firibgarlar, ularning qo‘lga tushishi, qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli videolar ham ko‘pchilikni bu tavakkal ishdan to‘xtatib qolmayapti.
Ba’zilar ushbu videolarni ko‘rib, tavakkal qilish hayotini xavfga qo‘yish ekanligini anglab yetayotgan bo‘lsa-da, ammo firibgarlarning so‘zlariga uchib, katta miqdorda pul sarflayotganlar hamon bor. Amerikaga borish har doim ham turli yillar va hatto asrlarda ham migrantlarni qiziqtirib kelgan. Shuning uchun o‘tgan asrlarda ham ushbu mamlakatga turli xatarlarni bo‘yniga olib boruvchilar bo‘lgani haqida eshitganmiz. Lekin bu tavakkalchilik katta mablag‘ evaziga bo‘lmagan. Ammo yurtdoshlarimiz oz emas, ko‘p emas, bir necha o‘n minglab AQSh dollari hamda hayotini tikib, bu ishga bel bog‘lashi qanchalik mantiqli?
Ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda o‘z yaqinlarini yo‘qotgan, Amerikagacha yetib bormay, yaqinlaridan ayrilgan yoki o‘zi kasallanib, sarsongarchiliklarni boshidan o‘tkazayotgan yurtdoshlarimiz bor. Yaqinda hamkasblarimdan biri qarindoshlari Meksika orqali Amerikaga ketgani, ulardan xabar kutib o‘tirganini aytib qoldi.
Xorij ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, Meksikaning Amerika bilan chegaradosh hududlaridan birida yiliga yuzlab odamlarning murdalari yig‘ib olinadi va tegishli tartibda shaxsi aniqlanib, o‘z yurtiga jo‘natiladi. Bugun ushbu hududlarda turli nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan migrantlarga yo‘l ko‘rsatkichlar, chakalakzoru o‘rmonlarda maxsus belgilar qoldirish, telefon raqamlari yozilgan tablichkalar ilish kabi yumushlar o‘rgatiladi. Sababi, aynan Meksikaning xavfli hududlaridan Amerikaga borishni istovchilar dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan topiladi va ular orasida shu yo‘lni tanlayotganlari hamon ko‘p.
Darvoqe, Amerikaga Meksika orqali o‘tgach, fuqarolar qanday holatga duch kelishadi?
- O‘zbekistonda AQShga vizani rasmiylashtirish imkoni yo‘q, - deya gapirib beradi bu haqda ismi sir tutilishini so‘ragan samarqandlik ayol. - Men AQShga Meksika orqali, chegaradan o‘tib borish mumkinligini eshitdim. Meksikaga hujjatlar Moskvada rasmiylashtirilar ekan. Uch kundan so‘ng hujjat rasmiylashtirish uchun Moskvaga uchdim. Viza tayyorlashga yordam beradigan inson bilan meni tanishtirishdi. Avvaliga Meksikaga borish uchun viza tayyorlash harakatini boshladim. Yordam beradigan inson bir paket hujjatlarni tayyorlab, meni Yaponiya elchixonasiga jo‘natdi. Menga yapon vizasi berishni rad etishdi. Shundan so‘ng bu odam hujjatlarimni tayyorlab, Gvatemala elchixonasiga jo‘natdi. Men Gvatemalaga viza oldim va Moskvadan Gvatemalaga uchdim. U yerda 2-3 hafta qoldim. Gvatemaladan avtobusda Meksikagacha yetib bordim. 2018 yilning 24 martida chegara orqali Meksikadan AQShga o‘tdim. AQShda meni qamoqxonadan 2018 yilning 27 aprel kuni Teylor, Texasda qo‘yib yuborishdi.
Bu bir ayolning taqdiri. Darvoqe, uning AQSh hukumatiga boshpana so‘rab yozgan arizasi taqdiri hamon noma’lumligicha qolmoqda ekan. Ya’ni, chegaradan noqonuniy o‘tib, Amerikada yashash istagida bo‘lganlarning katta qismi boshpana so‘rab, murojaat qiladi. Bu masalalar bilan albatta, advokat shug‘ullanadi. Eng qizig‘i, ayolning murojaatidagi ba’zi fikrlarni o‘qirkansiz, nahotki O‘zbekiston haqida gap ketayotgan bo‘lsa, deya taajjublanasiz. Sababi, xatda uning mamlakatda millatchilik, zo‘ravonlik va hokazo qator yomonliklar qurboni bo‘layotgani kabi iddaolar bor. Jurnalist etikasi nuqtai nazaridan bu fikrlarni keltirishni, hatto uning ismi sir tutilayotgan bo‘lsa-da, yozishni istamadim. Ammo xatdagi fikrlar bo‘htonligi shundoqqina ko‘rinib turibdi. O‘zbekistonda yashab ko‘rmagan inson bu fikrlarning munchoqdek terilganiyu voqealar ketma-ketligi va juda ishonchli yozilganiga ko‘ra, bir o‘qishda dahshatga tushib, ishonishi turgan gap. Bu bilan uning fikrlari, albatta, e’tiborga olinadi demoqchi emasman, bu bir qaraganda shunday tasavvur uyg‘otadi, xolos.
Shu o‘rinda boshqa davlatdan boshpana olish, siyosiy qochqin atamalariga izoh keltirsak.
Boshqa davlatdan boshpana topish shartlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan imzolangan “Qochqinlar maqomi to‘g‘risida”gi konvensiyada belgilangan. Ushbu hujjatda “qochqin” termini hamda boshqa davlatdan boshpana olish asoslari aniq ko‘rsatilgan. Urush va harbiy kelishmovchiliklar, insonlarning o‘zlari yashayotgan mamlakatda irqiga va diniga oid nafrat bilan bog‘liq ta’qiblar boshqa davlatdan boshpana olishga imkon beradi.
Siyosiy boshpana - alohida huquqiy status bo‘lib, o‘z davlatida uning huquq va erkinliklari buzilishi, ya’ni ta’qib, tahqirlash, genotsid, jismoniy zo‘ravonlik kabilar insonga boshqa davlatda alohida huquqiy daraja.
Ta’kidlash o‘rinli, siyosiy boshpana deganda faqatgina siyosiy vaziyat bilan bog‘liq holatlargina tushunilmaydi. Boshqa mamlakatdan hayoti va sog‘ligiga xavf tug‘ilsa, millatchilik va irqqa, dinga, jinsiy qarashlariga oid tahdid va kamsitilishlar, davlat organlarining qonunga zid xatti-harakatlari (misol uchun, politsiyaning harakatsizligi yoki uni himoya qilishni rad etish kabi) uchun ham boshpana so‘rash imkoni bor.
Umuman olganda, har kim o‘z hayotiga o‘zi hukmron, muhimi, hammasi qonun talablarida bo‘lsin. Qaysi davlatda yashash ham har bir insonning shaxsiy tanlovi. Lekin bu kabi holatlarni o‘qib, eshitganimizda taajjubimiz ortadi.
Birinchidan, Amerikaga necha minglab AQSh dollari sarflab ketishga oshiqayotgan odamlar oddiy, kam ta’minlangan va hatto o‘rtahol oilalar ham emas. Ularning aksariyatining kasbi, hunari, ba’zilarining tadbirkorligi ham bor hatto. Ammo hashamatga o‘chlik, farzandlarini mantiqqa sig‘maydigan, aql tarozisida o‘lchab bo‘lmaydigan tarzdagi mablag‘ sarflanadigan odatlar ila to‘y qilish kabi orzular ularning ko‘zlarini shartta yumib, ko‘p narsadan voz kechishiga sabab bo‘lmoqda.
Hammasi mayli, ammo mamlakatimda inson huquqlarining aql bovar qilmas darajada buzilishi-yu millatchilik va boshqa tahdidlarga duchor bo‘lyapman, deya hashamat sari intilishni hecham tushunolmayman. Internet orqali Amerikaga Meksika orqali borish, deya qidiruv bersangiz, yurtida urush ketayotgan, ocharchilik va qandaydir tahdidlarga duch kelayotganlarning najot istab, boshqa davlatdan panoh topishga intilayotgani, ularning qiyinchiliklari aks etgan video, maqolalarga ko‘zingiz tushadi. Ammo hashamatli to‘y qilaman, hovlimni qasrga almashtiraman, deb yurtini yomonotliq qilganni ko‘rmaysiz.
Xulosa o‘zingizdan...
Gulruh Mo‘minova.