Amerikadagi urgutlik olim

Kengashning asosiy maqsadi 2035 yilgacha O‘zbekistonda taraqqiyot modelini yaratishdan iborat. Model xalqaro ilg‘or tajribalar asosida quriladi. Bunda mamlakat bozori ob’yektiv tahlil etiladi. Mamlakatdan chiqqan jahon yetakchi mutaxassislarining shaxsiy tajribalari o‘rganiladi.

Yaqinda Sharof To‘g‘izov O‘zbekistonga keldi. "O‘zbekiston – 24" telekanali vatandoshimizdan intervyu oldi. Biz Sharof To‘g‘izov faoliyati bilan ilgaridan tanish bo‘lganligimiz bois ushbu suhbatni kengroq va to‘ldirgan holda berishga qaror qildik.

Men ona Vatanim O‘zbekistondan hyech qachon ko‘nglimni uzgan emasman. Bir oyog‘im doim shu makonda. Bir qator oliy o‘quv yurtlarida, ilmiy-tadqiqot institutlarida ma’ruzalar o‘qiganman. Bugungi kunda ana shu faoliyatimni yanada kengaytirmoqchiman. Bunga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil sentyabr oyida Amerika Qo‘shma Shtatlariga qilgan tashrifi sabab bo‘ldi. Prezident AQShda istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlarimiz bilan uchrashdi. Bu uchrashuv bizga katta xursandchilik bag‘ishladi. Fikr, mulohaza va takliflar bildirildi. Jumladan, men bu tarixiy uchrashuvni o‘zim uchun sharaf deb bildim, bunday e’tirofdan boshim osmonga yetdi. Negaki, shu paytgacha hali bizni hyech kim yo‘qlamagan edi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston haqida, taraqqiyot yo‘li xususida gapirar ekan, "Mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagida bo‘lgan chet eldagi barcha yurtdoshlarimizni O‘zbekistonga taklif etaman, men ularni qo‘llab-quvvatlashga va har tomonlama rag‘batlantirishga tayyorman", degani menga yurt sog‘inchini yana bir bor ato etganini his qildim.

Quvonchlarimni o‘z so‘zimda bildirib, taklifni qo‘llab-quvvatladim. Sababi ayni paytda AQShda yuz mingdan ziyod vatandoshlarimiz istiqomat qilmoqda. Ko‘plab iqtidorli yoshlar, ilm-fan fidoyilari bor. Ularning salohiyati, kuchini birlashtiradigan vaqt keldi. Prezident fikrlarimni ma’qulladi.

Oradan olti oy o‘tgach, "Buyuk kelajak" kengashi tuzildi. Bu kengash biz orzu qilgan g‘oyalar, niyatlar, qarashlarni o‘zida mujassam etadigan ko‘nglimdagi uyushma bo‘ldi. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida ikki yuz nafarga yaqin talantli yoshlar Prezident da’vati hamda so‘zlaridan ruhlanib, O‘zbekiston bilan aloqa o‘rnatishga kirishdi.

Men bu yerga kelib, juda katta o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldim. Buni Toshkent xalqaro aeroportiga tushganimdayoq his qildim. Vatandoshlar uchun ham, xorijiy sayyohlar uchun ham katta qulayliklar yaratilibdi. Odamlarning ruhiyatida o‘zgarish va mamnunlikni ko‘rdim. Gohida menga "Siz yigirma yil AQShda yashagansiz, biroq o‘zbek tilida ravon gapirasiz", deb so‘rashadi.

Axir ona tilini unutib bo‘ladimi? Bu menga sut bilan kirgan. Madina degan qizim bor. Hozir u Oksford universitetini bitirdi. Kasbi vrach. U bilan hamisha o‘zbekcha gaplashamiz. Nasib bo‘lsa, u ham ota yurtiga keladi. Keyin oilamiz bilan doimo o‘zbek tilidagi adabiyotlarni o‘qib, kuy-qo‘shiqlarni tinglaymiz. Men AQShga borgan paytlarimda juda qiyin edi. Internet yo‘q, telefon orqali muloqot qilardik, xolos. Endi-chi? Endi texnika taraqqiyoti jadal rivojlanmoqda, yo‘llar ochildi. Vatandoshlarimiz istagan vaqtda yurtiga, ota-onasi oldiga bemalol kelib-ketadigan bo‘ldi.

Men 1959 yilda Urgutning Sanchiqul qishlog‘ida tug‘ilganman. Qishlog‘imiz shundoqqina tog‘ yonbag‘rida joylashgan edi. O‘rkach-o‘rkach fusunkor bu tog‘ uyimiz ustida osilib turgandek edi. Juda ajo­yib. Bilasizmi, tong paytidagi tog‘ manzarasi tushimga kirib turadi. Vatanimni ko‘rgandek bo‘laman. Albatta, har bir narsa tug‘ilib o‘sgan makon bilan bog‘liq. Otam Mavlon To‘g‘izov xalq xizmatchisi edi. Farzandlarini o‘qitishni istardi, doimo bizni qo‘llab-quvvatlab turgan. Okean ortiga borib ishlashda ham. Padari buzrukvorim va sobiq ustozlarimdan doimo minnatdorman.

Men qayerda bo‘lmayin Urgutning, jonajon O‘zbekistonning farzandiman. Shu bois dars­larim oldidan tinglovchilarimga yurtim, qishloqlarim, Samar­qand, Toshkent, Buxoro haqida so‘zlab beraman. Men shunday go‘zal joylardan kelganligimni ularning shuurlariga muhrlashga harakat qilaman. Ular esa: "Domla biz aytganlaringizni internetda ko‘rdik. Ajoyib shaharlar ekan", deyishadi. Bundan faxrlanaman.

Haqiqatan ham O‘zbekistonimiz boy madaniy merosga ega diyor. Fan, madaniyat rivoj topmoqda. Dunyo tan olgan, jahon sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shgan ulug‘ allomalarimiz, buyuk sarkardalarimiz, salaflarimiz bor. Hozirgi kunda Vatanimizga dunyoda qiziqish katta. Buni kundalik hayotimizda ko‘rib, his etib turibmiz. Shaxsan o‘zim ilgari televizor orqali "SNN" telekanalini ko‘rar edim. Hozir o‘zimizning kanallarimizni ko‘ryapman. Bu kanallar efirga uzatilganidan buyon go‘yo menga olis masofa qisqargandek bo‘ldi. O‘zimni O‘zbekistondagidek sezaman.

Amerikadagi ta’lim sohasi, unda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilar haqida savol berishadi. Bular haqida bilganlarimni aytaman. O‘qituvchi hamma joyda qadrlanadi. O‘qituvchisiz kelajak bo‘lmaydi. Shuning uchun ular hamisha hurmatga loyiqdirlar. Biroq u yerdagi maktablar bizdagidek bitta standart tizimda faoliyat ko‘rsatmaydi. Har bir maktab mustaqil, o‘zining dasturiga ega. Maktablarda bilimli, iqtidorli o‘quvchilarga katta e’tibor qaratiladi. Grantlar ajratiladi. Keyin kuchli o‘quvchilar shu asosida universitetlarga qabul qilinadi. U yerda ham grantlar asosida bilimdonlar tanlanadi. Aspiranturaga kirish ham grant asosida bo‘ladi. Shu tizim O‘zbekistonda ham amalga oshirilayotganidan quvondim. Fan uchun bilimli, iqtidorli kishilar kerak. Bunday salohiyatli kishilardan katta yutuqlar kutish mumkin.

Albatta, buning uchun shart-sharoit yaratilgan bo‘lmog‘i lozim. Masalan, Xitoyda, Amerikada yashab, faoliyat ko‘rsatayotgan olimlar uchun yuz ming soat dars belgilanadi. Bu miqdor axborot manbasi hisoblanadi.

O‘zbekistonda ham bu borada dastlabki qadamlar tashlanayotganini ko‘ryapmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bekorga biz, vatandosh olimlar va ziyolilar bilan uchrashgan emas. Maqsad ularning ilm-fandagi salohiyatidan keng foydalanish nazarda tutilgan. Ayni paytda dunyo bo‘yicha yana qanchadan-qancha olimlar, fan fidoyilari tarqalib ketgan. Bu taqdir ekan. Vatandoshlarni chorlab, ularning faoliyat ko‘rsatishlari uchun shart-sharoit yaratilayotganligi bizni quvontirmoqda. Masalaga boshqa tomondan yondashadigan bo‘lsak, uzoqda yurgan olimlar, ziyoli kishilar orqali O‘zbekistonning boy madaniyati, adabiyoti, san’ati, umuman, hyech kimdan kam bo‘lmaydigan davlat sifatida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlari jahonga tarqalmoqda. Kelajakda bundan-da, bizdan-da yuqori salohiyatga ega yigit-qizlarimiz Vatanimiz sharafini dunyo­ga yoyishiga ishonchim komil.

Buning uchun yoshlarni maktabda paytidayoq mustaqil fikr yuritishga tayyorlab borish, fan-texnologiyani o‘rgatish zarur. Hammasi maktabdan boshlanadi. Oliy o‘quv yurtlarida ham shunday. Bu borada O‘zbekistonda dadil harakatlar, tizimlar shakllanayotganligidan, yoshlar allaqachon chet ellarda iqtidorlarini namoyish etayotganidan, mamlakatda olib borilayotgan siyosatdan ko‘ngillarimiz taskin topmoqda.

Xullas, qayerda bo‘lmaylik, Vatanimizga xizmat qilishimiz kerak. Men hozir O‘zbekistonda biotexnologiya bo‘yicha markaz tashkil etish bo‘yicha loyiha tayyorlaganman. Niyatim uni amalga oshirish.

 

Adham HAYITOV yozib oldi.