Har qanday siyosiy maqolani ham "diktovka" qilgan mohir muharrir

Men 50 yillik faoliyatim davomida juda ko‘p voqealarni ko‘rdim, xo‘p ajoyib odamlar bilan tanishdim, ishladim va do‘stlashdim. Ana shunday bag‘rikeng ziyolilardan biri Ahmadjon Muxtorov edi.

U kishi bilan ilk bor 1976 yil yoz paytida, tahririyatga ishga kelganimda tanishganman.

Viloyatning rus tilida chiqadigan «Leninskiy put» (hozirgi «Samarkandskiy vestnik») gazetasi redaksiyaga tarjimon sifatida ishga kirdim. O‘shanda viloyat hayotida bo‘layotgan barcha siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotning voqealari ikkala viloyat gazetalarining sahifalarida baravar chop etilardi. Tabiiyki, bu jarayonda kamina tarjimon sifatida juda faol qatnashdim. Gazetaning aksariyat siyosiy, iqtisodiy va madaniy mavzudagi materiallari bosh muharrir Ahmadjon aka Muxtorov tomonidan tayyorlab berilardi. Shuning uchun men u kishi bilan deyarli har kuni uchrashar, tarjimalarni o‘qib ko‘rib, muhokama qilardik.

Bir kuni Ahmadjon aka meni chaqirib «Tarjimalaringiz yaxshi, sifatli, rus tilini juda yaxshi bilarkansiz. Lekin nima uchun siz o‘zingiz ona tilida maqolalar yozmaysiz», deb tanbeh berdilar. O‘shanda men u kishiga maktabda va universitetda faqat rus tilida o‘qiganimni, o‘zbek adabiy tilini yaxshi bilmasligini aytdim.

- Bu ishingiz mutlaqo yaxshi emas, - dedi Ahmadjon aka. – Haqiqiy tarjimon ikki tilni ham mukammal bilishi lozim.

Shundan keyin men har kuni Pushkin nomidagi kutubxonaga borib, o‘zbek tilini yaxshilab o‘rganishga kirishdim. Bir yil ichida juda ko‘p kitob mutolaa qildim. Uyga kelib, matnlarni ovoz chiqarib o‘qidim. Asta-sekin tumanlarda qo‘llaniladigan shevalarni ham o‘rgandim.

Keyinchalik ish joyida Ahmadjon aka bilan juda ko‘p ishladim. Bu inson tavsiyasi bilan muxbir, katta muxbir, bo‘lim boshlig‘i vazifalarida ishladim.

O‘sha yillari viloyatimizda barcha sohalarda jamoatchilik asosida sifat komissiyasi tashkil etildi. Redaksiya xodimlari ham o‘sha sifat komissiyasi a’zoligiga kiritildi va har hafta gazeta sahifalarida yoki bu soha bo‘yicha komissiya xulosalari haqida hisobot berilardi. O‘shanda mening ish hajmim kengayib ketdi. Chunki Ahmadjon aka viloyat sifat komissiyasining hisobotlari hamda viloyat rahbarlarining nutqlarini gazetada ikki sahifada yozib borar edilar. E’tiborlisi, Ahmadjon aka har qanday siyosiy maqolani "diktovka" qilib, yozib tashlash qobiliyatiga ega edi. Men bu sahifalarni o‘sha kuniyoq tarjima qilar edim, ba’zi kunlar 42-45 betlik qo‘lyozma varaqlarni yozishga to‘g‘ri kelardi. Bu juda mashaqqatli ish edi. Bundan tashqari, tarjimalarni Ahmadjon aka bilan yana bir marotaba o‘qib, tahrir qilish kerak edi.

Bir kuni ikkala tahririyat xodimlari qo‘shma yig‘ilishida Ahmad aka hammaga qarab savol berdilar. «Bilasizlarmi, viloyatimizda eng kuchli, eng bilimdon va eng tezkor tarjimon kim?». Biroz sukutdan keyin, o‘zlari javob berdilar:

- Demak, viloyatimizda tarjimon nomer 1, bu – Foziljon Abduraupov va ikkinchi nomer – kamina, ya’ni men bo‘lamiz, - dedilar.

Hamma qarsak chalib kuldi. Rosa faxrlandim. Rostdan ham A.Muxtorov rus tilini yaxshi bilardi.

O‘sha davrda - hamma rusiy zabon bo‘lib turgan bir paytda Ahmadjon aka o‘zbek tiliga, ona tilimizga juda katta ahamiyat, mehr va muhabbat bildirib kelganini keyin angladik.

Fozil Abduraupov,

faxriy jurnalist.