Ko‘zlarimga yosh keldi

Bugun ertalab tursam, test sinovlariga kirish uchun abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi”ni berish boshlandi, degan xabarlarga ko‘zim tushdi.

Hozirgi abituriyentlar “Abituriyent ruxsatnomasi”ni my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabineti orqali yuklab olishlari mumkin, shundoq bitta tugmachaga bosadi bo‘ldi.

Yoki shaxsiy kabinetga kirmasdan, shunchaki my.uzbmb.uz/allow/bachelor-allow sahifasi orqali pasport seriyasi va raqami hamda JShShIR raqamini kiritgan holda olishlari mumkin.

Bizning davrimizda bunaqa narsalar yo‘q edi, ruxsatnoma olish uchun, albatta, abutiriyentning o‘zi oliygohga borishi shart edi. Bizning davrimizda deganda men dinozavr davrini aytmayapman, yaqin o‘n yil oldingi voqealar. O‘sha paytlarda ruxsatnoma olishning o‘zi katta bir kalmar o‘yini edi.

Issiqda oldin sarg‘ayib universitetga borasan, ana undan keyin ruxsatnoma berilayotgan joyni topasan, keyin turnaqator navbat, terlab-pishib ur-yiqitlar orasida bir amallab ruxsatnomani olasan.

Ana shu ruxsatnoma butun taqdiringni hal qiladi, mabodo yo‘qotib qo‘ysang, bo‘ldi, pishding, uni nusxasi yo‘q, boshqa chiqarib ham ololmaysan, usiz imtihonga ham kirolmaysan, faqatgina shu ruxsatnomani yo‘qotib qo‘yib qancha abituriyent o‘qishga kirolmaganligiga o‘zim guvoh bo‘lganman.

Hozir-chi, zamonning o‘zgarganiga qarang, hech qayerga borishing shart emas, uyingda o‘tirib bitta tugmachani bosib, istagancha chiqarib olaver.

Eh, shunaqa davrlarni ham boshdan o‘tkazgan ekanmiz. Eslasam, ko‘zlarimga yosh keladi-e...

Bektosh Hotamov.