Amir Temur maqbarasida yana bir xilxona bor
Amir Temur dunyo miqyosidagi daho shaxsdir. Uning harbiy-siyosiy faoliyati, bunyodkorlik, obodonchilik ishlari va faoliyatining boshqa jihatlarini, shuningdek, uning sulolasini o‘rganish, ilmiy yoritish keyingi avlodlarning muqaddas ishi bo‘lib kelgan va shundayligicha qoladi. Ta’kidlash lozimki, uzoq tariximizda o‘zidan katta yodgorlik qoldirgan va ko‘p yillar hukm surgan sulola – aynan temuriylar sulolasidir.
Amir Temur maqbarasida temuriylar sulolasiga mansub ko‘p qabrlar bor. Yaqinda biz maqbara hududining g‘arbiy qismida joylashgan bir xonani nazardan o‘tkazdik. Aslida bu xona Sulton Abu Sa’id (1424-1469 y., hukmronlik davri 1451-1469 y.) zamonida xilxonaga aylantirilgan edi. Xilxonada 8 ta qabr bo‘lib, qabrtoshlarda temuriylar sulolasiga tegishli ma’lumotlar bor.
1-qabrtosh Sulton Abu Said Ko‘ragonning qizi Oysha Sultonbegimga taalluqli bo‘lib, unda marhumaning vafot etgan sanasi 877 hijriy yilining zulqa’da oyi (milodiy 1473 yil), deb ko‘rsatilgan.
Ta’kidlash lozimki, bu xilxonadagi marhumlarning aksariyati yoshligida olamni tark etgan. Ular davlat arbobi yoki olimu shoir bo‘lib tanilmagan, shuning uchun tarixiy manbalarda ular haqida deyarli ma’lumot yo‘q. Boz ustiga, shohzodalarning ismlari temuriylar sulolasi doirasida juda ko‘p takrorlangan. Masalan, Amir Temur o‘g‘lining nomi ham, Sulton Abu Sa’id o‘g‘lining nomi ham Umarshayx bo‘lgan. Bu esa ba’zi chalkashliklarga sabab bo‘ladi.
2-qabrtoshning to‘rt tomon aylanasida Qur’on oyatlaridan olingan duolar yozilgan. Toshning ustiga esa Oyatulkursiy va Yosin surasining oxirgi oyati yozilgan. Toshning bosh va oyoq tomonlaridagi yozuv Qur’on oyati bilan boshlanib, marhumning ismi – Robiya Sulton va vafot etgan sana – 858 hijriy yil jumodul avval oyi (milodiy 1454 yil) deb ko‘rsatilgan, so‘ng marhumaning haqqiga duolar yozilgan. Robiya Sulton Sulton Ahmad Mirzoning eng katta qizidir.
3-qabrtosh Mirzo Ulug‘bekning 870 hijriy (milodiy 1466) yilda vafot etgan qizi Oqobegimga tegishli ekanligi toshning bosh va oyoq tomonlarida bitilgan. Qabrtoshning yon tomonlarida esa 12 imomning ismlari yozilgan.
4-qabrtoshning bosh va oyoq hamda yon tomonlarida arabiy va forsiy baytlar bitilgan. Biroq marhumning ismi va vafot etgan sanasi ko‘rsatilmagan, faqat Sulton Abu Saidning naslidan ekanligi ta’kidlangan.
5-qabrtoshda “Ma’sum amirzoda Shohmansur ibni Sulton Abu Sa’id hijriy 865 yil juma kuni safar oyining 10-kunida vafot etgan” degan yozuv bor ( milodiy 1461 yil).
6-qabrtoshdagi yozuvdan ma’lum bo‘lishicha, bu qabr Sulton Abu Saidning o‘g‘li amirzoda Jahongir Sultonniki bo‘lib, u hijriy 862 yil muharram oyida (milodiy 1458 y.) vafot etgan.
7-qabrtoshning ustida Oyatulkursiy va Yosin surasining oxirgi oyati yozilgan. Aylanasida Qur’on oyatlaridan olingan duolar bitilgan. Qabrtoshning bosh va oyoq tomonlaridagi yozuvning umumiy tarjimasi quyidagicha: Din va dunyo tizimining sof qo‘riqchilari bo‘lmish sultonlar sulolasining ko‘z qorachig‘i, g‘urur dunyosidan surur to‘shagiga ko‘tarilgan Muhammad Jahongir, Alloh taolo rozilik bog‘laridan maskan bersin, 860 hijriy yilning zulhijja oyida qabrga qo‘yildi (1456 milodiy yil).
Muhammad Jahongir Amir Temurning nabirasi Muhammad Sultonning o‘g‘li, ya’ni sohibqironning abirasidir.
8-qabrtosh ustida Allohning ulug‘ligiga dalolat etuvchi Qur’oni Karim oyatlaridan olingan duolar yozilgan. Qabrtoshning bosh tomonida quyidagi so‘zlar bitilgan: “Ushbu nurli qabr sohibasi ulug‘ martabali, soliha, sojida, Amir Temurning o‘g‘li Mironshoh Mirzoning qizi Zubayda Sulton (Alloh mag‘firat qilsin)”.
Qabrtoshning oyoq tomonida esa: “Alloh qabrini nurli qilsin! 856 hijriy yil jumodiloxir oyining o‘nbeshinchi kunida vafot etgan”(1453 milodiy yil), deb yozilgan. Qabrning ikki yon tomonlarida Allohning go‘zal ismlari bayoni, Qur’oni Karim oyatlaridan olingan turli duolar yozilgan.
Sohibqiron Amir Temurning hayoti va faoliyati, uning avlodi bilan bog‘liq voqea-hodisalar ko‘lami shu darajada ko‘p va ulkandirki, ularni o‘rganish, tadqiq qilish uchun ko‘pdan ko‘p tadqiqotchilarning azmu g‘ayrati lozim. Shu o‘rinda bir taklifni o‘rtgaga tashlamoqchiman.
Fransiyada imperator Napoleonning hayoti va faoliyatini o‘rganadigan maxsus ilmiy-tadqiqot instituti bor. Amir Temurning harbiy-siyosiy va davlat arbobi sifatidagi faoliyati nihoyatda keng va yuksakki, Napoleonnikidan kam emas. Shuning uchun, bizda ham uning va boshqa temuriylarning hayoti va faoliyatini o‘rganadigan maxsus ilmiy-tadqiqot institutini tashkil qilish maqsadga muvofiqdir. Menimcha, bu zamon talabidir.
Xushnud ABDULLAYeV,
Amir Temur maqbarasi mudiri.