Angliya qirolichasidan samarqandlik o‘quvchiga xat keldi
Adhamjon Janobiddinov Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filali qoshidagi akademik litseyi o‘quvchisi. U bolaligidan xorijda o‘qishni niyat qilgan. Bugungi kunda uning orzulari amalga oshyapti.
- Shu yil yozda xalqaro reytingi yuqori bo‘lgan 21 ta oliy ta’lim muassasasiga xujjatlarimni yubordim, - deydi u. – Hozircha 13 tasining imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tdim. Ulardan biri - AQShning Webster universitetining 208 ming dollarlik, ya’ni 100 foizlik grantiga sazovor bo‘ldim.
Adhamjon AQSh, Buyuk Britaniya va dunyoning boshqa rivojlangan mamlakatlaridagi 10 dan ortiq oliy ta’lim muassasalariga muddatidan oldin o‘qishga qabul qilindi. U Buyuk Britaniyada o‘qish istagi kuchli ekanligi haqida qirolicha Yelizaveta II ga maktub ham yo‘lladi. Qirolichaning bundan mamnun ekanligi, Adhamjonga omad tilagani haqidagi javob xati ham keldi.
- O‘quvchimning yutuqlaridan quvonchim cheksiz, - deydi litseyning ingliz tili o‘qituvchisi Nasiba Bahriddinova. – Adhamjon ingliz tilida o‘zbek tilidan ham ravon gapiradi. U litseyimizda tengdoshlariga ham o‘rnak bo‘lib, qo‘lidan kelgancha yordamlarini ayamasdan kelyapti.
- Akademik litseyda iqtidorli o‘quvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi, - deydi litsey direktori Sayyora Hamroyeva. – Keyingi 3 yilda ular ko‘pgina yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Masalan, Rossiya universiteti professor-o‘qituvchilari kelib, 200 nafar o‘quvchidan imtihon oldi va ularning 14 nafari grant, 56 nafari kontrakt asosida o‘qishga qabul qilindi.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.