Anjikuni - eskimoslarning sirli tarzda g‘oyib bo‘lgan qishlog‘i
XX asrning 30-yillarida Kanadaning chekka hududida joylashgan Anjikuni ko‘li yaqinidagi qishloqda sodir bo‘lgan voqea haligacha fan olami uchun jumboq bo‘lib kelmoqda. Ko‘lda baliq ovlab kun kechirgan eskimoslar qabilasining bir kechada sirli g‘oyib bo‘lishi haqiqatdan ham juda qiziqarli.
Kanadalik ovchi Jo Libell eskimoslar qishlog‘iga kelib, kulbalarda ham, ko‘chalarda ham hech kim yo‘qligiga hayron qoladi. Axir bir necha hafta oldin bu yerda hayot qaynagan, sershovqin qishloqcha edi-ku?! Nahotki, hamma biratula ko‘chib ketgan bo‘lsa? Endilikda bu yer xuddi qabristondek huvillab qolgan. Mehmon ovchi qishloqda birorta ham odamni uchrata olmadi. Tabiiyki, u gap nimada ekanligini aniqlamoqchi bo‘lgan. Biroq uning urinishlari behuda ketdi, u biror narsani aniqlay olmadi. Har bir kulbaga kirib, har bir burchakni sinchlab tekshirdi. Uylarda odamlarning barcha narsalari - ro‘zg‘or buyumlaridan tortib, qurollarigacha hammasi butunligicha turar, qayiqlari ham qirg‘oq bo‘yida qoziqlarga bog‘langan holda edi.
Ovchi, shuningdek, kulbalarda mahalliy aholining milliy taomi bo‘lgan, pishirilgan, dimlangan baliq va go‘shtlari solingan ko‘zalarni ham, zaxiraga olib qo‘yilgan baliqlar turganligining ham guvohi bo‘ldi. Guyo hamma narsa joy-joyida edi, faqat eskimoslardan boshqa. 1200 nafardan iborat qabila o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘lgandi. Biror-bir urush yoki jangning belgilari ko‘rinmasdi. Ammo eng dahshatlisi, qishloq yonidagi qabristondagi barcha qabrlar ochilgan bo‘lib, ularda birorta ham murda yo‘q edi. Bularni ko‘rib Libell qo‘rqa boshladi. Jiddiy narsa bo‘lganini tushunib yetgan ovchi darhol telegraf orqali Kanada qirolligining tog‘ politsiyasiga xabarnoma jo‘natdi.
Bu xabarni olgan politsiya mahkamasi darhol qishloqqa butun boshli qurollangan ovchilar va politsiyachilardan iborat ekspeditsiyani jo‘natdi. Mahalliy aholining qidirish ishlari butun ko‘l atrofi bo‘ylab olib borildi. Politsiyachilar voqea yoniga yetib kelganlarida yana bir nechta g‘ayritabiiy jumboqlarga duch kelishdi.
Birinchidan, eskimoslar o‘zlarining asosiy transport vositasi bo‘lgan itlarsiz hech qayerga ketishmasdi. Ammo itlarning muzlagan jasadi qor tagidan chiqdi. Kanadalik ovchi ularni ham yo‘qolgan yoki mahalliy aholi bilan birga jo‘nab ketgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylab yurgan edi. Bu itlar ochlikdan o‘lishgandi. Bundan tashqari, qabila ajdodlarining ham qabrlari kovlangan bo‘lib, jasadlar g‘oyib bo‘lgan. Bu sirli hodisalar mahalliy hukumatning boshini berk ko‘chaga olib kirdi. Shuningdek, agar ular o‘z xohishlari bilan qishloqni tark etganlarida itlarni bog‘liq holda tashlab ketmas edi. Itlar o‘z yemishlarini topib yeyishlari uchun ularni albatta, bo‘sh qo‘yib yuborgan bo‘lardi.
Lekin hammasidan ham ikkinchi jumboq juda hayratlanarli. Eskimoslarning hech qachon ajdodlari qabrlarini oyoqosti qilishi, ruhlarini bezovta qilishi mumkin emasdi. Undan tashqari, o‘sha vaqtda yer qattiq muzlagan bo‘lib, qabrlarni maxsus texnikalarsiz kavlashning iloji yo‘q edi. Qidiruvda ishtirok etgan politsiyachilardan birining so‘zlariga qaraganda, qishloqda g‘ayritabiiy voqealar sodir bo‘lgan. Adjikuni ko‘lining jo‘mbog‘ini hozirgi kunga qadar Kanada hukumati yecha olmadi. Ushbu qabilaning avlodlari ham topilmadi. Hamma narsa xuddi bu qishloq va uning aholisi umuman mavjud bo‘lmagandek. Butun boshli qishloqning bunday sirli ravishda g‘oyib bo‘lishi hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Bordi-yu qabilaga kimdir hujum qilgan taqdirda ham politsiyachilar ularning qoldiqlarini va olishuv izlarini topgan bo‘lardi.
Qizig‘i, tarix zarvaraqlarida ovchi Arno Loran va uning o‘g‘li Anjikuni ko‘li ustida noma’lum uchar ob’yektni ko‘rgani haqida ham bitik qoldirishgan. Balki, bu voqea ular bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Ammo eng qizig‘i endi eskimoslarning taqdiri nima bo‘lganini hech kim bilmaydi.
Bugungi kunda mash’um ko‘l yonida zamonaviy Beyker-Leyk shahri joylashgan bo‘lib, unda 1,5 ming aholi istiqomat qiladi. Bu yerda 1930 yillarda kichik-kichik qishloqlar bo‘lganini tasavvur qilish qiyin. Anjikuni ko‘li yonida sodir bo‘lgan sirli hodisa haqida o‘nlab hikoyalar, hatto romanlar ham yozilgan.
Dilmurod TO‘XTAYeV tayyorladi.