Annamariye Basson: Faoliyatimning qolgan qismini Samarqandda davom ettiraman
Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Samarkand Marathon” xalqaro xayriya yugurish marafonida Samarqand xalqaro texnologiya universitetining professor-o‘qituvchilari va xodimlari ishtirok etdi. Musobaqadan so‘ng xorijlik o‘qituvchilar marafon taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Annamariye Basson, SXTU tillar markazi direktori, professor (Janubiy Afrika):
- Yoshim 76 da. Marafonda o‘zbekistonlik hamkasblar va jamoadoshlarim bilan ishtirok etdim. Musobaqa chiroyli va tartibli o‘tdi. E’tiborimni tortgani, marafondan tushgan mablag‘lar savobli ishlar uchun sarflanishi bo‘ldi. Dunyoning o‘ndan ortiq davlatida bo‘lganman. Musobaqada yoshlardagi bir-birini ruhlantirish, marraga yetish uchun jamoaviy harakatlar va bu yurt farzandlari o‘rtasidagi ahillik menda iliq taassurot qoldirdi.
Faoliyatimning keyingi qismini aynan O‘zbekistonda davom ettirishni tanlaganimning ham asosiy sababi do‘stlik va bu mamlakatdagi samimiy mehmondo‘stlikning oliy qadriyat sifatida xalqining ongu shuurida singib ketgani bo‘ldi, desam adashmayman. Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, yaqin do‘stim professor Yusuf Abdullayev tomonidan birga ishlash taklifini ham bajonidil qabul qilib, yangi universitetda ish boshladik va men umrimning so‘nggiga qadar shu yurtda, ko‘hna kentda qolishga qaror qildim.
Ivy Nan Silverman, SXTU tayyorlov maktabi direktori, professor (AQSh):
- Bunday marafonda ikkinchi bor qatnashyapman. Birinchi marta Qatarda “Sharqdan G‘arbga 1000 km yugurish” shiori ostida sahro bo‘ylab 5 km masofani bosib o‘tganman. Yoshim 62 yoshda bo‘lsa-da sport bilan shug‘ullanishni kanda qilmayman. O‘tgan yil Samarqanda o‘tkazilgan “Samarkand Half Marathon” (Samarqand yarim marafoni) haqida eshitgandim. Bu yilgi marafonda ishtirok etish maqsadida tayyorgarlik ko‘rib, 5 kilometr masofaga yugurdim. Marafon juda yaxshi o‘tdi. Eng asosiysi, Qatar sahrosida yugurganimizdek issiq emas, ob-havo ham ajoyib bo‘ldi. Ayniqsa, ko‘chalardagi sokinlik, transport vositalari harakatining ma’lum muddatga to‘xtatilgani va shahardagi me’moriy obidalarni ko‘rish imkoniyatining yaratilishi menga juda yoqdi”.