Aqalli bitta yomon odatimizdan voz kechaylik...
Bolaligimdan yaxshilik ham, yomonlik ham Yaratganning xohish bilan amalga oshishi haqidagi gaplar ongimga singib ketgan. Albatta, bugun boshimizda barchamizni xavotirga solib turgan vaziyatni ham qay birimizning aybimizga yarasha, boshqamizning sabrimizga yarasha sinov, deb tushunaman. Ammo...
Shundoqqina yo‘lakning chekkasiga tashlab ketilgan “sellofan” paketda yarmidan ko‘pi non bo‘laklaridan iborat chiqindiga (aslida unda non borligi uchun shunday degim kelmayapti) ko‘zim tushdi-yu, tongdagi yaxshi kayfiyatim ham chiqindiga qorishib ketgandek bo‘ldi. To‘g‘ri, bu atrofimizdagi ba’zi odamlar tomonidan bugun qilinayotgan yagona holat emas. Biroq nega o‘sha-o‘sha badqiliqlarimiz haqida aynan hozir o‘ylab ko‘rib, o‘zimizni to‘g‘irlamayapmiz?!
Nega har birimiz o‘z-o‘zimizni har kuni taftish qilib, xatolarimiz haqida o‘ylab, balki bu balolarning daf bo‘lishi insoniylikka qaytishimizga bog‘liq, deya yaxshi tavakkallar qilmayapmiz? Axir mana shunday yo‘l tutish har qanday virusga qarshi ishlab chiqilayotgan vaksinadan ko‘ra, a’loroq emasmi?!
Aytmoqchimanki, avvalo, har birimiz o‘zimizdagi aqalli bitta yomon odat, illatni bartaraf etishga harakat qilaylik. Alloh halol qilib bergan rizqimizni xor qilmaylik. Barchasini tushunishga aqlimiz noqislik qiladigan darajadagi ne’matlarni qadrlaylik!
Abduhoshim ZIYaTOV.