Aql gimnastikasi bellashuvida hamyurtlarimiz qo‘li baland keldi
24-29 avgust kunlari “Ipak yo‘li xalqaro turizm” universitetida shaxmat bo‘yicha “Sohibqiron kubogi” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
Turnirda Armaniston, Ozarbayjon, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Ukraina, Tojikiston, AQSh va yurtimizdan 18 nafar xalqaro grossmeyster, 10 nafar xalqaro sport ustasi va 10 nafar FIDE sport ustalari ishtirok etdi.
Turnir rapid hamda blits yo‘nalishida tashkil etildi. Mukofot jamg‘armasi 50 ming dollarni tashkil etgan nufuzli musobaqaning 40 ming dollari rapid yo‘nalishidagi g‘oliblarga berildi. O‘yin jarayonlarini O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi vitse-prezidenti Husan Turdaliyev, Livandan kelgan bosh hakam, xalqaro arbitor Ellas Xayrillah kuzatib bordi.
Bellashuv yakuniga ko‘ra, rapid yo‘nalishi bo‘yicha hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin hamda Jahongir Vohidov uchta o‘rinni egalladi. 20 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rasidagi bahsda Abdimalik Abdisalimov oltin medal bilan taqdirlandi Almas Rahmatullayev hamda Javohir Sindorov kumush va bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Faxriylar o‘rtasida kechgan bahsga ko‘ra, qozog‘istonlik Aitkaziy Baimurzinga teng keladigani topilmadi. Tojikistonlik Negmat Ziyayev ikkinchi va o‘zbekistonlik Vladimir Vladimirov uchinchi o‘rinni egalladi.
Ayollar o‘rtasidagi bellashuvda ham o‘zbekistonliklar qo‘li baland keldi. Birinchi o‘rin Umida Omonovaga nasib etdi. Irina Semyonova ikkinchi va Nilufar Yakubbayeva uchinchi o‘rin sohibi bo‘lishdi. 20 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasidagi bahsda ham yosh shaxmatchilarimiz g‘alabaga erishdi: 2 ta oltin, 2 ta kumush olishdi.
Blits yo‘nalishida Shamsiddin Vohidov oltin, Nodirbek Abdusattorov kumush va rossiyalik Boris Savchenko bronza medali bilan taqdirlandi.
Husan Eltoyev.