AQSh koronavirusga qarshi dori vositasining deyarli barchasini sotib oldi
AQSh koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan remdesivir dori vositasining dunyodagi 90 foiz zaxirasini sotib oldi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi.
Davlat rahbari ushbu dori vositasi qoyilmaqom ta’sirga ega ekanligini, shu sababdan ham prezident ma’muriyati vosita zaxirasi nazoratini ta’minlaganini ta’kidladi. OAV bergan xabarlarga ko‘ra, AQSh remdesivir vositasining dunyodagi deyarli uch oylik zaxirasini sotib olgan. Yaqin orada boshqa mamlakatlar mazkur dori zaxirasini yetarli darajada ta’minlay olmaydi.
AQShdan tashqari, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Isroil, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda ushbu vosita koronavirusga qarshi asosiy dori vositasi sifatida qo‘llaniladi.
Biroz ilgari Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bosh ilmiy xodimi Sumiya Svaminatan remdesivirni koronavirusga qarshi yagona samarali va umidbaxsh dori deb atagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu dori shifoxonaga yotqizilish sonini kamaytirmoqda.
Haqiqatdan ham remdesivir koronavirusga chalingan bemorlar sog‘ayishini tezlashtirayotgani AQShning allergiya va yuqumli kasalliklar milliy instituti mutaxassislari tomonidan may oyida isbotlangan edi.